07.07.2025. Qashqadaryo viloyatida 616 951 nafar ishchi-xodim kasaba uyushmalariga birlashgan. Bu raqam tizim xodimlaridan har bir masalada mas’uliyat bilan faoliyat yuritishni talab etadi. A’zolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, har bir jamoada sog‘lom mehnat muhitini yaratish demokratik tamoyillarni kun sayin mustahkamlab borayotgan mamlakatimizda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etishini anglatadi. Bu yo‘nalishda kasaba uyushmalari xodimlarining fidokorona mehnati alohida ko‘rinadi. Biroq har bir tizimda ham manfaatparastlikka berilganlar uchrab turadi.
Hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalar davomida esa shunday raislar ham o‘z o‘rinlarini ishonchli va mas’uliyatli xodimlarga topshirgani kuzatildi. Muqobillik asosida o‘tkazilgan bu yilgi hisobot-saylov yig‘ilishlarida Qashqadaryo viloyatidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari, tarmoqlar va tuman-shahar bo‘limlari raislari sifatida saylanganlarning 707 nafari (23,4 %) birinchi bor mazkur mas’uliyatli lavozimni zimmasiga oldi. Ular orasida 42,8 % xotin-qizlar va 6 % yoshlar bor edi.
Ayni yilgi saylov jarayonida birinchi marta boshlang‘ich tashkilotlar raislarini muqobillik asosida saylash amaliyoti qo‘llanildi: 108 ta tashkilotda 2–3 nomzod orasida yopiq-yashirin ovoz berish o‘tkazildi. Dastlab viloyatdagi mavjud 3 001 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti, keyinchalik tarmoq kasaba uyushmalari va ularning tuman-shahar bo‘limlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlar 2025 yil 4 iyul’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashining IX hisobot-saylov konferensiyasi bilan davom etdi.
Konferensiya kun tartibiga quyidagi 9 ta masala kiritildi:
- Kengash raisining 2020–2025 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot
- Taftish komissiyasi hisoboti
- Kengash raisi va o‘rinbosarini saylash
- Ijroiya qo‘mita tarkibi
- Taftish komissiyasi tarkibi
- Yo‘l harakati xavfsizligi masalalari
- Ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza choralari
- Yangi loyihalar va rejalar
- Biroz so‘z — taklif va mulohazalar
Konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi maslahatchisi, senator Husan Ermatov, Federatsiya tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri o‘rinbosari Bobur Ulug‘bekov va Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ham ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Federatsiya tashabbusi bilan Shahrisabz tumanida 30 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflab tashkil etilgan “Gulnora” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi, Qarshi shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilayotgan 103 milliard so‘mlik suv sport saroyi va Shahrisabzda yaqin kunlarda boshlanadigan 80 milliard so‘mlik sanatoriy loyihalari uchun Federatsiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.
Ishchi rayosat saylab olingach, kengash raisi Baxtiyor Jo‘raevning 2020–2025 yillarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Hisobotga ko‘ra, hozirda viloyat kasaba uyushmasi tarkibida Qashqadaryo viloyat kengashi, 4 ta tarmoq kengashi, 2 ta respublika kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi, 2 ta tarmoq darajasidagi qo‘mita va 51 ta shahar hamda tuman kengashlari hamda 3 017 ta boshlang‘ich tashkilot faoliyat yurityapti.
Targ‘ibot ishlari davomida hisobot davrida 8 204 ta xususiy sektor korxona va tashkilot kasaba uyushmasiga jalb etilgan, ularda 166 955 nafar xodim kasaba uyushmalar xizmatidan foydalanmoqda.
Jamoatchilik nazorati natijasida 2024 va 2025 yil davomida viloyatda qariyb 5 milliard so‘m miqdorida o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqi to‘lab berildi. 80 ta tashkilotda ijobiy natijaga erishilgan, shuningdek, 27 902 nafar xodimning 60 189 386 000 so‘mlik to‘lovlari amalga oshirildi.
Hodisalar tahlili davomida 51 ta baxtsiz holat qayd etilgan, ulardan 21 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Zarar to‘lovlari va moddiy yordam uchun 328 462 000 so‘m mablag‘ ajratildi.
– Besh yillik faoliyatni tahlil etsak, ko‘plab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdik, – deydi Baxtiyor Jo‘raev. – “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va kam ta’minlangan oilalar uy-joyini ta’mirlash kabi ishlar diqqat markazida bo‘ldi.
Delegatlar hisobotni qoniqarli deb topdi. 127 delegatdan 118 nafari qatnashib, kengash raisi va o‘rinbosarini yopiq-yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash jarayonida Baxtiyor Jo‘raev 98 ovoz, Isoq Ahmedov esa 96 ovoz bilan o‘z lavozimlaridagi ishonchni tikladi.
So‘ngi bo‘lib taftish komissiyasi, ijroiya qo‘mita va Federatsiya qurultoyiga delegatlar ro‘yxati tasdiqlandi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский