13.07.2026. Ijtimoiy tarmoqlardan birida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi G‘ijduvon tuman bo‘linmasi Kengashi raisi Yu.Xomidov haqida chop etilgan anonim murojaat joyiga chiqqan holda xolis va atroflicha o‘rganib chiqildi. Xuddi shu maqsadda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari va mas’ul xodimi, Respublika Kengashining Buxoro viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisidan iborat tuzilgan ishchi guruhi 2026 yilning 10-11 iyul’ kunlari G‘ijduvon tumanida bo‘lib, murojaatda qayd etilgan holatlar yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.
Murojaatda nomi keltirilgan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi G‘ijduvon tuman bo‘linmasi Kengashi raisi Yunus Xomidov 2012 yil noyabr’ oyidan beri mazkur lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2025 yil 22 mayda tuman bo‘linmasining 1-konferensiyasida ushbu lavozimga qayta saylangan.
O‘rganish jarayonida Ishchi guruh a’zolari tumandagi 16-, 21-, 45-, 46-, 55-, va 67-umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari, 40-, 21-, 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va “Kelajak markazi” boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari bilan muloqot o‘tkazib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda murojaatda keltirilgan holatlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, muloqot ishtirokchilari Yu.Xomidovning ishda mas’uliyat, intizom, to‘g‘riso‘zlik va adolat tamoyillariga amal qilishi, har bir ta’lim tashkilotining faoliyatidan doimiy xabardor ekanligini ta’kidladilar. Uning shaxsiyati va kasb etikasi to‘g‘risida salbiy fikr bildirilmadi, aksincha ijobiy fikrlar bildirildi.
Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida G‘ijduvon tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Rahmatillo Xasanov bilan suhbatlashildi. Suhbat jarayonida shular ma’lum bo‘ldiki, tuman umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari manager.uzedu.uz, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari esa managerpro.uzedu.uz platformalari orqali tanlovdan hamda viloyat direktorlar kengashi suhbatidan o‘tgachgina viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi buyrug‘i bilan ishga tayinlanadi. Ushbu jarayon inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Murojaatda keltirilgan Yu.Xomidovning jiyanlari ham yuqorida qayd etilgan tartibda lavozimga tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, R.Hasanov Yu.Xomidovning tuman ta’lim muassasalari rahbarlarini ishga tayinlash jarayoniga aralashgan holatlarini ko‘rmaganini bildirdi.
Ishchi guruhi tarmoq kasaba uyushmasi tuman bo‘linmasi Kengashining ijtimoiy hamkori bo‘lgan G‘ijduvon tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i H.Jumaeva bilan ham uchrashib, suhbat o‘tkazdi. Suhbat jarayonida u ta’lim muassasalaridagi ish sharoitlarini o‘rganish, kuz-qish mavsumi, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, pedagog xodimlar bilan uchrashuvlar, nizoli holatlarni o‘rganish ishlarida tuman bo‘linmasi Kengashi raisi Yu.Xomidov tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi Kengashi a’zosi sifatida hamda ijtimoiy sherik sifatida doimiy hamkorlikda ish olib borishini bildirdi. Zero, tumandagi ta’lim xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash ishlari paritet organlar bilan doimiy hamkorlikda ishlashni taqazo etadi. Shu ma’noda Yu.Xomidov nafaqat tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining hozirgi rahbariyati, balki sobiq rahbarlari bilan ham ijtimoiy sheriklik asosida ishlarni tashkil etib kelgan.
O‘rganish jarayonida shu narsa ham ma’lum bo‘ldiki, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi G‘ijduvon tuman bo‘linmasi Kengashi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi binosida joylashganligi sababli Yu.Xomidovning yengil avtomashinasi bino hovlisidagi avtomobillar uchun mo‘ljalangan joyga qo‘yib kelingan.
O‘rganishlar yakuniga ko‘ra anonim tarzda tarqatilgan tanqidiy murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Buni postga bildirilgan izohlar ham ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский