13.07.2026. Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida «Ta’lim xodimlarining huquqiy himoyasi: zamonaviy sharoitda kasaba uyushmalarining o‘rni» mavzusida nufuzli xalqaro mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi delegasiyasi ham ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi kasaba uyushmalarining Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) standartlariga, xususan, 190-sonli Konvensiyasi talablariga muvofiq gender tengligini ta’minlash, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik hamda xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini targ‘ib qilish borasidagi imkoniyatlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbirda kasaba uyushmalari erkinligi, jamoaviy muzokaralar huquqining asosiy mehnat huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilishi, shuningdek, raqamlashtirish jarayonlari va ta’lim sohasida sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq yangi psixososial xavflar kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Seminar doirasida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi delegasiyasi tomonidan «Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari» shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, faoliyatni raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, muassasalarda ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va qonunchilikda belgilangan eng kam kafolatlarga rioya etilishini nazorat qilish, noqonuniy ushlab qolishlar va kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigienasi bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek, kasaba uyushmasi vakillari faoliyatini munosib rag‘batlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar ilgari surildi. Davlat va nodavlat tashkilotlari, shuningdek, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan xodimlarni kasaba uyushmasi a’zoligiga keng jalb etish masalasi yuzasidan ham fikr va takliflar bildirildi.
Xalqaro seminar yakunida XMT standartlarini yanada chuqurroq anglash, mintaqadagi kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ularni milliy darajada amalga oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar va amaliy strategiyalarni o‘z ichiga olgan reja ishlab chiqildi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский