07.11.2026. Ishchi kasblari nufuzini oshirish, malakali mutaxassislarni aniqlash va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan kasbiy mahorat tanlovi tashkil etildi.
11 noyabr — “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Toshkent viloyati kengashi tashabbusi bilan 2026 yil 5 noyabr kuni Chirchiq shahridagi “Toshkent traktor zavodi” MCHJda “Eng yaxshi tokar va payvandchi” kasbiy mahorat tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan tokar va payvandchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, ishlab chiqarish samaradorligi va mahsulot sifatini yuksaltirish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi talablariga rioya etish madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlov ikki yo‘nalishda — “Eng yaxshi tokar” va “Eng yaxshi payvandchi” nominatsiyalari bo‘yicha tashkil etildi.
Tanlovda “Ammofos-Maksam” AJ, “Toshkent IES” AJ, “Texnologik metallar kombinati” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ kabi viloyatdagi 10 dan ziyod ishlab chiqarish korxonalarida mehnat faoliyatini yuritayotgan 20 nafar payvandchi va tokarlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar o‘z bilim va mahoratlarini uchta shart asosida namoyon etdilar. Birinchi shartda ularning kasbiy bilimlari va nazariy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi. Ikkinchi shartda tokar va payvandchilar o‘z kasbiga oid amaliy topshiriqlarni bajarib, mahoratlarini namoyish etdilar. Uchinchi shartda ishtirokchilarning mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari baholandi.
Tanlov ishtirokchilari nazariy bilim, amaliy mahorat, bajarilgan ish sifati, texnik talablarga muvofiqlik, belgilangan vaqtda topshiriqni bajarish hamda xavfsizlik qoidalariga rioya etish mezonlari asosida 100 ballik tizimda baholandi.
Tanlov jarayonida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratilib, amaliy sinovlar belgilangan texnik talablar va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilingan holda o‘tkazildi.
G‘oliblar har bir yo‘nalish bo‘yicha aniqlanib, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov — ishchi kasblari egalariga bo‘lgan e’tibor va hurmatni yuksaltirish, ularning mehnatini qadrlash, kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ishlab chiqarish sohasida malakali kadrlar rag‘batini oshirish yo‘lidagi muhim tashabbusdir.
Ta’kidlash joizki, bunday kasbiy mahorat tanlovlari ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, tajriba almashish va ishlab chiqarishda sifat hamda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский