16.10.2024. Bir tashkilotda oz emas-koʻp emas, 25 yil ishlagan Dilfuza Sattorova shu yilning mart oyida goʻyoki shtatlar qisqarishi sababli vazifasidan ozod etildi. Vaholanki, tegishli qonunchilikka binoan, agar xodim shtatlar qisqarishi munosabati bilan boʻshatiladigan boʻlsa, ish beruvchi unga boshqa lavozim taklif qilishi kerak.
Fuqaroning murojaati asosida kengashimiz mazkur holatni nazoratga oldi. Ish beruvchiga bu harakati notoʻgʻriligi tushuntirildi va koʻrsatma xati kiritildi. Shundan soʻng xodim ishga tiklandi.
– Ochigʻi, 25 yillik mehnatim singgan tashkilotda bunaqa munosabat boʻlishi xayolimga ham kelmagan edi, – deydi D.Sattorova. – Yolgʻiz boquvchiman, boz ustiga, toʻlov kontrakt asosida tahsil olyapman. Menga nisbatan qilingan adolatsizlikdan qattiq tushkunlikka tushib qoldim. Yaxshiyamki, kasaba uyushmalari bor ekan, jonimga ora kirdi. Baraka topishsin!
Mashrab Mirzaev
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Toshkent viloyati kengashi mehnat huquq inspektori