24.10.2024. Konstitusiyamizda inson huquqlarini hurmat qilish lozimligi, qonun oldida barcha tengligi qayd etilgan. Qonun ustuvorligini ta’minlash hamda tegishli hujjatlarda belgilangan kafolat va imtiyozlarning xodimlarga nisbatan soʻzsiz tatbiq etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishda esa kasaba uyushmalarining hissasi katta.
Masalaga shu jihatdan yondashganda, Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi xoʻjalik yuritishi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, sogʻliqni saqlash, farmasevtika, sanitariya-gigiena va aholiga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan ishlar ham diqqatga sazovordir. Bu kengash inspeksiyasining Toshkent shahar boʻyicha mehnat-huquq inspektori Muhiddin Sodiqov sohaga oid qator qarorlar ijrosi va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi boʻyicha olib borilayotgan ishlarni oʻrganishi jarayonida yana bir bor isbotini topdi.
Bundan tashqari, poytaxtdagi 41 ta tibbiyot muassasasida oʻtkazilgan oʻrganishlar chogʻi ulardan 15 tasida turli xato-kamchiliklar mavjudligi aniqlangan. Shunga koʻra, ish beruvchilarga yozma koʻrsatmalar kiritilgan va 1960 nafar xodimning huquqlari tiklangan. 3214 nafar xodimga esa 1 milliard 87 million soʻmdan ziyodroq miqdordagi ish haqi qarzdorligi va mehnat ta’tillari boʻyicha toʻlangan pullardagi farq undirib berilgan.
Endilikda korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi hamda xodim oʻrtasidagi munosabatlar Mehnat kodeksining tegishli moddalarida oʻz ifodasini topgan. Qolaversa, Bosh qomusimizning 55-moddasida har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunan taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi kafolatlangan. Shunga binoan, oʻtgan vaqt davomida tibbiyot xodimlaridan koronavirus pandemiyasi davrida orttirib olingan Kovid-19 kasalligi uchun bir yoʻla toʻlanadigan maxsus toʻlovlarni va ish haqiga bogʻliq farqlarni undirish masalasida 23 ta murojaat kelib tushdi. Ular asosida 21 ta tibbiyot muassasasidagi holat oʻrganilib, 1600 nafar xodimga 7 milliard 888 million 764 ming 324 soʻm miqdoridagi ish haqini hamda maxsus toʻlovlarni undirib berishga erishildi. Shuningdek, 5174 nafar xodimga tegishli qariyb 8 milliard 977 million soʻm muammosi sud orqali ijobiy hal etildi. Inspeksiya xodimlar manfaatini koʻzlab, 18 marta fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarda qatnashdi.
Tibbiyot muassasalaridagi ishlarni oʻrganish asnosida soha xodimlari uchun mehnat qonunchiligi hamda «Korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashish» mavzusida davra suhbatlari hamda seminarlar uyushtirilib, tinglovchilar zarur ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Ra’no Mahkamova