28.10.2024. Bugun dalalarda paxta hosilini nest-nobud qilmay terib olish ishlari avjida. Bu jarayonda terim pullarini oʻz vaqtida berib borish esa juda muhim.
Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi «Navroʻz» mahallasidan Oygul Shonazarova oʻzi va 43 nafar ayol tergan paxtalari uchun toʻlanadigan pullar oʻz vaqtida berilmayotgani haqida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining 1211 qisqa raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat qildi.
– «Gauharbek uli Jandos» fermer xoʻjaligida 21 sentyabrdan buyon terimda qatnashmoqdamiz, – deydi Oygul Shonazarova. – Dastavval ikki kun pulimizni oʻz vaqtida berishdi. Lekin keyingi kunlardan boshlab, mehnatimizga haq toʻlanmadi. Fermerga murojaat qildik. Uyiga bordik ham. U bankdan pul olmaganini aytdi.
Ushbu murojaat Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Navoiy viloyati kengashi Mehnat inspeksiyasi xodimlari hamda Milliy monitoring ishchi guruhi tomonidan tegishli tartibda oʻrganildi. Natijada masala ijobiy hal etilib, fermer xoʻjaligidan terimchilar foydasiga 27 405 360 soʻmlik mehnat haqi undirib berildi.
Toshtemir Tayloqov
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Navoiy viloyati kengashi bosh mutaxassisi