[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt test rejimida ishlamoqda

06.11.2024. Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga Fargʻona viloyati, Dangʻara tumanida yashovchi fuqaro Z.Tursunboeva oʻzining marhum turmush oʻrtogʻi, 1991 yilda tugʻilgan A.Tursunboev “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning Dangʻara tuman elektr ta’minoti korxonasida yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani, oqibati oʻlim bilan yakunlangan mazkur holat yuzasidan bir yoʻla toʻlanishi zarur boʻlgan zarar toʻlovlari va oyma-oy toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib, mazkur toʻlovlarni undirishda amaliy yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qildi.

Ma’lum boʻlishicha, elektromontyor  vazifasida ishlagan A.Tursunboev bilan 2024 yil 28 mart kuni “Fargʻona HETK” AJ Dangʻara tuman elektr ta’minoti korxonasining “Ma’rifat” uzatmasi “Chodaklik” shoxobchasining 26-sonli transformatorida baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida koʻrsatilgan yordamlarga qaramasdan A.Tursunboev 2024 yil 4 aprel kuni vafot etgan. Marhumning turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandiga baxtsiz hodisa yuzasidan toʻlanishi shart boʻlgan toʻlovlar toʻlanmasdan kelinayotganligi aniqlangan.

– Mazkur murojaat boʻyicha Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Mehnat inspeksiyasi tomonidan “Fargʻona HETK” AJga 2024 yil 25 iyun kuni yozma koʻrsatma xati yuborilganiga qaramasdan, sugʻurta kompaniyasi marhum A.Tursunboev bilan fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma imzolanganligi vaji bilan zarar toʻlovlarini toʻlab bermayotganligi sababli “Fargʻona HETK” AJ tomonidan mazkur koʻrsatma xatining ijrosi ta’minlanmadi.

Shundan soʻng, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga “Mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mehnat jarohati tufayli vafot etgan xodimning oila a’zolariga etkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish hamda Fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etilishi toʻgʻrisida” da’vo arizasi kiritildi.

Natijada, javobgarga nisbatan marhum A.Tursunboevning qonuniy vakillariga etkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish hamda Fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etilishi toʻgʻrisida Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining 2024 yil 23 sentyabrdagi hal qiluv qarori chiqarilib, marhumning turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandiga boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan 208 mln. soʻmga yaqin bir yoʻla beriladigan bir martalik nafaqa undirib berildi. Shuningdek, 5 mln. soʻm ma’naviy zarar toʻlovlari toʻlab berilishiga hamda boquvchisining yoʻqotilgan ish xaqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan xar oylik toʻlovlarni oyma-oy toʻlash majburiyati yuklatilishiga erishildi.

B.Abdullaev

Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Mehnat inspeksiyasi Bosh mehnat huquq inspektori