[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt test rejimida ishlamoqda

27.11.2024. 2024 yil 21-22 noyabr kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari ishtirokida “Mehnat huquqlari bo‘yicha xabardorlikni oshirish va xalqaro mehnat standartlari samaradorligidan foydalanishda kasaba uyushmalarining roli” mavzusida hamkor davlatlarning mintaqaviy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu halqaro yig‘ilishda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya, Tojikiston respublikasi vakillari hamda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi rahbariyati ishtirok etdilar.

Mintaqaviy yig‘ilishni Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashi raisi Zulhiya Nozakzoda ochdi. So‘ngra Tojikiston Mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Ne’matzoda Maliksho hamda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Jurazoda Jamshed Tojikistonda mehnat huquqlari va Xalqaro mehnat normalaridan samarali foydalanishda kasaba uyushmalarining o‘rni haqida o‘z fikr-muloazalarini bildirdilar.

XMT vakili Gocha Aleksandriya XMTning missiyasi va vakolatlari, xalqaro mehnat standartlari va ularni amalga oshirish ustidan XMTning nazorat mexanizmi bilan bog‘liq barcha masalalarni ochib berdi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi vakillari ham barcha ishtirokchilar qatori O‘zbekistonda XMT konvensiyalarining ijrosi, ularni tatbiq qilish samaradorligi va ta’lim tizimida olib borilayotgan islohatlarda kasaba uyushmasi tashkilotlarining roli haqida ma’ruza qildilar. Ma’ruzadan so‘ng ishtirokchilarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berildi.

Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Tojikiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi vakillari ham o‘z taqdimotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, mehnat huquqlari va xalqaro mehnat standartlaridan samarali foydalanish haqida xabardorlikni oshirishda kasaba uyushmalarining o‘rni haqida fikr almashdilar va o‘z ish tajribalarini taqdim yetdilar.

Ikki kun davom etgan bu xalqaro uchrashuv munozaralarga boy bo‘lib, kasaba uyushmalari va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari, mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamlar ko‘rib chiqildi. Tajriba almashinuvi ishtirokchilarga mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida ilg‘or tajribalarni aniqlash va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

Ta’lim va ilm-fan sohasini rivojlantirish, sifatli ta’lim olish, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish, ta’lim va fan sohasi xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari barcha davlatlar misolida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning markazida ekani ta’kidlandi.

Tojikistonda mehnat munosabatlari sohasida vaqti-vaqti bilan xalqaro standartlarga javob beradigan va bevosita ijtimoiy saviyani, munosib mehnatni oshirishga, xodimlar uchun xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilinayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat munosabatlarini tartibga solish va hukumatlar, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kengaytirishga qo‘shgan hissasi katta bo‘lib, u tomonidan konvensiya va tavsiyalar shaklida qabul qilingan hujjatlar mehnat munosabatlarini adolatli tartibga solishga xizmat qilmoqda.

Mintaqaviy yig‘ilish yakunida ishtirokchilar mehnat huquqlari, mehnatni nazorat qilish tizimi, mehnat xavfsizligini ta’minlash, yaxshi mehnat sharoitlarini yaratish hamda milliy va xalqaro talablarni hisobga olgan holda mehnat tizimini takomillashtirish yo‘llari haqida xabardorlikni oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Undan tashqari, doimiy axborot va tajriba almashishni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Lazokat Turikova