16.12.2024. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan tarzdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Videoselektor yig‘ilishida Markaziy studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasiga a’o bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi rahbariyati, tegishli vazirlik va tashkilotlarning Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar tumanlarining sektorlar rahbarlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari qatnashdilar.
Shuningdek, hududiy studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyatlar sektorlari rahbarlari, Mahallalar uyushmasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari boshliqlari, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, sektorlar rahbarlari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichi doirasida 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, 2025 yilda mazkur tizimning 6-bosqichi doirasida amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilib olindi.
– Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan nogironligi bor shaxslar bilan ishlash masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yana bir bor ehtiyojmandlar va nogironligi bo‘lgan insonlarga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqimiz, ayniqsa, xotin-qizlarimiz turmush farovonligini oshirishda nihoyatda muhim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi, – deya ta’kidladi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov. – Alohida ta’kidlash zarurki, Davlatimiz rahbari birgina, kelgusi yilning o‘zida 1 mln 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarishni rejalashtirganlar. Nogironligi bor insonlar, yakka-yolg‘iz va qiynalgan odamlarga yordam berish ko‘lamini bir necha karra oshirdilar. Ushbu xayrli ishlarga trillionlab mablag‘lar sarflanmoqda.
Ta’kidlash zarurki, 2020 yilda 7,5 mln yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik darajasida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yillarda 3,5 mln kishining o‘z daromadiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2023 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11 foizga tushdi. Shuningdek, 2025 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasini mamlakatimiz miqyosida 6 foizgacha qisqartirish maqsad qilib belgilandi hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tasdiqlandi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalda joriy etilgan noyob tizim, ya’ni “Ayollar daftari” tizimi orqali xotin-qizlar muammolarini hal qilish bo‘yicha 2020-2024 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida Respublika bo‘yicha jami 3 mln 510 mingdan ziyod ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy va ma’naviy, uy-joy bilan ta’minlash, huquqiy, tibbiy, psixologik kabi yo‘nalshlarda amaliy yordamlar ko‘rsatilib, ushbu ishlarga 6 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichi doirasida 2024 yil davomida:
– 549 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi;
– 36 ming nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun jami 362 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi;
– boquvchisini yo‘qotgan 161 ming nafar xotin-qizga, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan hamda tezkor tibbiy yordamga muhtoj 182 ming nafar xotin-qizga, shuningdek, qaramog‘ida nogironligi bor farzandi mavjud 62 ming nafar xotin-qizga jami 403 mlrd. so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi;
– boquvchisini yo‘qotgan 2 ming nafar ayolning hamda ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan va tezkor tibbiy yordamga muhtoj 1000 nafarga yaqin xotin-qizning uy-joylari ta’mirlandi;
– uy-joyga muhtoj bo‘lgan 6 ming nafar xotin-qizning uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Xususan, ularning 5,5 ming nafariga turar-joy uchun jami 10 mlrd. 700 mln. so‘m miqdorida ijara to‘lovi kompensasiyasi to‘lab berildi, 268 nafari arzon uy-joylar bilan ta’minlandi, 114 nafari ijtimoiy uylarga joylashtirildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan mazkur asosiy yordamlardan tashqari, qo‘shimcha ravishda:
– 211 ming nafar xotin-qiz hamda ularning 49 ming nafar voyaga yetmagan farzandlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va buning uchun jami 37 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi;
– 180 ming nafar xotin-qizga huquqiy yordamlar ko‘rsatildi;
– 177 ming nafariga malakali psixologik maslahatlar berildi;
– 3 ming nafar xotin-qizga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun jami 725 gektar yer maydoni ajratildi;
– 9 ming nafariga yer maydonlarini sug‘orish, issiqxonalar qurish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini harid qilishlari uchun jami 38 mlrd. so‘m miqdorida subsidiyalar berildi;
– oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 388 nafar singillarimiz va “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning 150 nafar farzandining kontrakt to‘lovi uchun jami 2 mlrd so‘m to‘lab berildi;
– “Ayollar daftari”dagi 60 ming nafarga yaqin xotin-qizlar uchun madaniy tadbirlar, xususan, mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etildi.
Sirasini aytganda, Respublikada “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 1 trln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.
Respublika komissiyasi yig‘ilishida “Ayollar daftari” Nizomiga kiritilgan o‘zgarishlar asosida “Ayollar daftari” tizimining 6-bosqichini yuritishning yangi tartibi qadamma-qadam tushuntirib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning tegishli Qaror va Farmonlariga muvofiq yangilangan Nizomda ko‘p vakolatlar “mahalla yettiligi”ga berilgan. Shu bois, 2025 yildan boshlab, har yili yanvar’ oyida “mahalla yettiligi” sektorlar ishchi guruhlari bilan birgalikda anketa-so‘rovnoma asosida xotin-qizlarning barcha yo‘nalishdagi muammolarini uyma-uy yurish orqali o‘rganishlari qayd etildi. Anketa-so‘rovnomalar to‘ldirilgandan so‘ng “mahalla yettiligi” tomonidan ehtiyojmand xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi, ya’ni toifasi aniqlanishi, so‘ngra “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlari shakllantirilishi va “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan tasdiqlanishi lozimligi qayd etildi.
Ro‘yxatlar tuzilgach, har bir ayolning individual dasturlari ishlab chiqiladi hamda unda har bir ehtiyojmand ayolga ko‘rsatiladigan asosiy va qo‘shimcha “amaliy yordamlar” aniq ko‘rsatiladi. Yana bir muhim jihat, yil davomida biror bir ayol taqdir taqozosi bilan ehtiyojmand bo‘lib qolsa, masalan: boquvchisi vafot etsa yoki ishdan bo‘shatilib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmay qolsa, ularni “Ayollar daftari”ga kiritish mumkinligi ta’kidlandi. Buning uchun ushbu ayollar “mahalla yettiligi”ga yoki xotin-qizlar.uz elektron platformasi yohud “Ayollar daftari” axborot tizimi orqali “Ayollar daftari”ga kiritishni so‘rab murojaat qilishlari lozim.
Sektorlar rahbarlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i individual dasturlar asosida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar. “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlarini shakllantirish, individual dasturlar va “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash ishlari har yili fevral’ oyi davomida amalga oshiriladi. Barcha hujjatlar tasdiqlangach, mart oyidan boshlab, dekabr’ oyigacha ehtiyojmand ayollarga ularning individual dasturlarida belgilangan muddatlarda tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy yordamlar berib boriladi.
“Ayollar daftari” tizimining 6-bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar mahalla darajasida — tuman (shahar) sektorlari rahbarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan, tuman (shahar) darajasida — viloyat sektorlari rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari, Oila va xotin-qizlar boshqarmalari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari tomonidan, viloyat darajasida — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan hududlarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Respublika darajasida esa —Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi shtabi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra 2025 yilda “Ayollar daftari” tizimini amalga tatbiq etishning 6-bosqichi doirasida kamida 1 mln. nafar xotin-qizga amaliy yordam beriladi hamda ushbu yordamlar sifati va shaffofligi yanada oshiriladi.
Ta’kidlash zarurki, Respublika komissiyasi yig‘ilishida minglab oilalar va xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilayotgan “Ayollar daftari”ning navbatdagi bosqichini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish, ehtiyojmand xotin-qizlarga o‘z vaqtida amaliy yordamlarni ko‘rsatib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha manzilli va muddatli dolzarb vazifalar belgilab berildi. Xususan, “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar muammolarini sinchikovlik bilan o‘rganish, toifalarni to‘g‘ri aniqlash, ro‘yxatlar va individual dasturlar tasdiqlangach, mutasaddi tashkilot va idoralar sektorlar rahbarlari bilan birgalikda xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlarini boshlashlari zarurligi qayd etildi. Shuningdek, “Ayollar daftari” Nizomida har bir ayolga 42 turdagi yordamni ko‘rsatish mumkinligi belgilangani, shu bois endilikda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan “qo‘shimcha yordam”lar masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilishi zarurligi qayd etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad “Ayollar daftari”ga kiritilgan har bir xotin-qizni imkoni boricha doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlarida tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, kamchiliklarni joyida bartaraf etish, ehtiyojmand xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlarini ta’minlash, Respublika komissiyasi a’zosi bo‘lgan barcha vazirlik va idoralarning joylardagi boshqarma va bo‘limlari boshliqlari “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning individual dasturlarini puxta o‘rganib chiqqachgina tasdiqlab berishlari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga yordamlar, jumladan, uning sifati va miqdori to‘liq bo‘lishini ta’minlash yo‘nalishlarida tegishli mutasaddilar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni yuqori saviyada amalga oshirishni ta’minlash borasida Respublika komissiyasi a’zolari, shuningdek, hududiy studiyalardan ishtirok etgan mas’ullar ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga kiritilgan “Ayollar daftari” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ehtiyojmand xotin-qizlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bois barcha idora, tashkilot va vazirliklar yakdillik bilan ish olib borishi zarurligi, bu yo‘lda barcha mutasaddi tashkilotlarni xalqimizni rozi qilishdek ulkan mas’uliyat birlashtirib turgani qayd etildi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari