[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt test rejimida ishlamoqda

19.12.2024. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muhokama qilish maqsadida Hukumat, vazirliklar, idoralar, ish beruvchilar vakillari hamda kasaba uyushmalari faollari bilan bevosita ochiq muloqot va jamoatchilik eshituvi shaklida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzuidagi Davra suhbati o‘tkazildi.

“Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, Savdo-sanoat palatasi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tarmoq kasaba uyushmalari vakillari, shuningdek, onlayn tarzda hududlardagi mutasaddilar ishtirok etdilar.

Tadbirda ta’kidlaganidek, Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda barcha jabhalarda bo‘lganidek, ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat munosabatlari sohalarida ham ko‘plab muhim o‘zgarishlar va tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi asosida qonunosti hujjatlarini mazkur kodeksga moslash maqsadida ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qaytadan ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan qabul qilindi, ayrim normalar bo‘yicha yangi hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, 2024 yilning o‘zida Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta Konvensiyasi ratifikasiya qilindi. Jamoa kelishuvlarini xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olish, Alohida hollar uchun xodimlarning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari, Ijodiy ta’tillar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlar, Alohida xususiyatga ega bo‘lgan ishlardagi qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan xodimlar ro‘yxati, Masofadan turib ishlovchi xodim bilan yozma mehnat shartnomasining namunaviy shakli, O‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan davomiyligi, Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi yozma mehnat shartnomasining namunaviy shakli, Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli kabi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.
Ma’lumki, so‘nggi 7-8 yil davomida muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini ratifikasiya qilishda hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya ishida faol ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Bosh jamoa kelishuvi amal qilmoqda. Mazkur hujjat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida 14 ta hududiy jamoa kelishuvi, tarmoqlarda respublika miqyosida 103 ta tarmoq jamoa kelishuvi, bevosita korxona va tashkilotlarda 118 mingta jamoa shartnomasi qabul qilingan bo‘lib, ular orqali mehnatkashlar manfaatlari himoya qilib kelinmoqda. Xususan, qator tarmoqlarda jamoa shartnomasi ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylangan. Jumladan, respublika bo‘yicha 24 mingdan ortiq korxona va tashkilotda Jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffisienti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 1 mln. nafardan ortiq xodimning ish haqi oshirilishiga erishildi.

Tuzilgan jamoa shartnomalarining barchasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan avval albatta kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olish talabi kiritilgan. Jamoa shartnomalariga kiritish orqali ish vaqti va dam olish vaqtini tartibga solish borasida aksariyat korxona va tashkilotlarda asosiy uzaytirilgan va qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatilgan. Natijada har yili 2,5 mln. nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 3,5 mln. nafardan ortiq xodim esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda.
2024 yilda kasaba uyushmalari inspeksiyalari tomonidan 4 ming 397 ta tashkilotda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda kelib tushgan 6 ming 105 ta murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra jami 106 ming 19 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 108 mlrd. 533 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi. Shuningdek, Kasaba uyushmalari inspektorlari sudlarda va mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi boshqa organlarda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida 1 ming 292 marta vakil sifatida ishtirok etdilar.

Kasaba uyushma faollari 2024 yilning 9 oyi davomida jami 10 ming 385 ta korxona va tashkilotda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirdilar. Shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan 10 ming 81 ta korxona, tashkilot va muassasada qariyb 1 mln. 73 ming nafar xodimga to‘lanayotgan ish haqi ularning malaka darajasiga muvofiqligi bo‘yicha monitoringlar o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida 4 ta holatda 4 nafar xodimga ish haqi ularning malaka darajasiga muvofiq to‘lanmaganligi aniqlanib, ular foydasiga 12 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilishiga erishildi. Homilodorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash hamda homilador ayollar mehnat huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati natijasida sog‘liqni saqlash tarmog‘ida mehnat qilayotgan 6 nafar xodimga nisbatan qonun talablari buzilganligi aniqlanib, ularning huquqlari tiklandi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” dasturi doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 2024 yilning yanvar’-noyabr’ oylarida 216 ming 18 nafar fuqaro va 81 ming 272 ta oilaga 252,5 mlrd. so‘mdan ortiq ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Davra suhbatida ta’kidlanginidek, mehnatkashlarning keng qatlamlari tomonidan ancha yillardan beri ko‘tarib kelinayotgan qator muammolarning oxirgi yillarda o‘z yechimini topgani Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlarning amaliy natijasidir. Masalan, avvallari ish haqini o‘z vaqtida to‘lash, banklardan ish haqi uchun naqd pul olish, plastik kartochka va naqd puldagi iste’mol narxlari orasidagi farq, ishlarning texnologik turlari bo‘yicha va tuman koeffisientlarini o‘rnatish, ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq miqdorda to‘lash borasida muammolar mavjud bo‘lib, hal qilinmay kelinar edi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarish va islohotlar natijasida ushbu mammolarga bartaraf etildi va mehnatkashlar manfaatlari samarali himoya qilib kelinmoqda.

Kasaba uyushmalari mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida mehnatkashlarning takliflari asosida joylarda ijtimoiy mehnat munosabatlari sohasida yuzaga kelayotgan savollarni hamkor tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari ishtirokida muhokama etishi natijasida 100 dan ortiq masalalarning hal etilishiga erishildi. Hududlarda o‘tkazilgan ana shunday ochiq muloqotlarda mehnatkashlar tomonidan o‘rtaga tashlangan, ammo Respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzuidagi Davra suhbatida tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari e’tiboriga havola etildi va ularni hal etish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi. Yangi taxrirdagi Mehnat kodeksini amaliyotda qo‘llash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, ish o‘rinlarini shahodatdan o‘tkazish, xodimlarga beriladigan kafolatlar hamda joylarda ko‘tarilgan qator boshqa masalalar shular jumlasidandir.

Davra suhbatida Kasaba uyushmalari faollari tomonidan mehnatni muhofaza qilish, ish o‘rinlarini attestasiyadan o‘tkazish, xodimlarni maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash, xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi, tadbirkorlik hamda hunarmandlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun imtiyozli kredit olish, xodimlarga mehnat ta’tili kunlarini va to‘lanadigan haqni to‘g‘ri hisoblash, ish xususiyati smena yoki navbatchilik bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va boshqa masalalarga oid ko‘tarilgan savollarga vazirlik va idoralar vakillari tomonidan aniq va batafsil javoblar berildi.

Jamoatchilik eshituvi shaklida o‘tkazilgan Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan mehnat xavfsizligi va gigienasi sohasidagi dolzarb vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mehnat sohasida kelgusi yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan qator ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida axborot berildi. Byudjet tashkilotlarida ish haqi, ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi ishlarini moliyalashtirish, bandlik va mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan qulayliklar, ishlayotgan xodimlarning salomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi. Mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatga haq to‘lash sohasida qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish kabi masalalarga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Kelgusida ushbu yo‘nalishlardagi masalalarni davlat organlari va kasaba uyushmalarining hamkorligida hal etish borasida tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilishi maqsadga muvofiq ekanligi xususida kelishib olindi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari