23.12.2024. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining IX majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Majlisda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashi a’zolari, Federatsiya Nazorat-taftish komissiyasi, kasaba uyushmalari Respublika va hududiy Kengashlari raislari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, Federatsiya apparatining bo‘lim mudirlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Bosh kengash majlisida dastlab “O‘zbekiston-2030” strategiyasidan kelib chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarning 2024 yildagi ijrosi va 2025 yildagi asosiy vazifalar to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yil Yangi O‘zbekistonda muhim tarixiy voqealarga boy yil bo‘ldi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mustahkam siyosiy irodasi, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirayotgan tizimli islohot va tashabbuslari, xalqimizning fidokorona mehnati bilan ko‘plab sohalarda, shu jumladan ijtimoiy, iqtisodiy va mehnat munosabatlari sohalarida ham ulkan yutuqlarga erishildi. Xususan, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga qisqardi.
Yakunlanayotgan yil kasaba uyushmalari faoliyati uchun ham samarali yil bo‘ldi va 2024 yil davomida Federatsiya tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024 yil davomida mehnatkashlarning huquq va manfaatlari bilan bog‘liq, jumladan ijtimoiy-mehnat sohasiga oid 250 dan ortiq, mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ko‘rib chiqilib, mutasaddi tashkilotlarga kasaba uyushmalarining takliflari taqdim etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining 95-, 132-, 156-, 155-, 175-sonli Konvensiyalari ratifikasiya qilinishiga erishildi, “183- va 190-son Konvensiyalarni ratifikasiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari loyihalariga takliflar kiritildi.
Kasaba uyushmalari inspeksiyalari tomonidan 106 ming 19 nafar shaxsning huquqlari tiklandi va xodimlar foydasiga 108 mlrd. 533 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.
2024 yilda yangi tashkil etilayotgan korxona va muassasalarni kasaba uyushmasi xizmati bilan qamrab olish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 37 mingga yaqin korxona va muassasalarda yangi kasaba uyushma tashkilotlari tuzilib, 1 mln. nafardan ortiq mehnatkash kasaba uyushmalari a’zoligiga qabul qilindi va jamoa shartnomalarida ko‘zda tutilgan imtiyoz hamda kafolotlardan foydalanishlari ta’minlandi.
Bundan tashqari kasaba uyushmasi xizmatiga olingan 117 ming 561 ta yuridik shaxsning 99,9 foizida jamoa shartnomalari qabul qilinishiga, ular orqali jami 5 mln. ga yaqin ishlovchining manfaatlari qamrab olinishiga erishildi. 2024 yil davomida jamoa shartnomasi bilan qamrab olingan yuridik shaxslar soni 4 ming 387 taga, ulardagi ishlovchilar soni 126 ming 784 nafarga oshdi.
Jamoa shartnomalariga kiritilgan qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar natijasida 24 mingdan ziyod korxona va tashkilotda qariyb 1 mln. 100 ming nafar xodimning ish haqlari oshirildi, 2,5 mln. nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 3,5 mln. nafardan ortiq xodim esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda. Shuningdek, 71 ming 40 ta tashkilotda jamoa shartnomalari asosida ijtimoiy ta’tillar belgilangan bo‘lib, ulardan 1 mln. 219 ming 233 nafar xodim foydalandi.
Ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha jamoatchilik monitoringi natijalaridan kelib chiqib kasaba uyushmalari tomonidan sud, prokuratura, hokimiyat organlari, mehnat inspeksiyasiga 200 ga yaqin murojaat kiritilishi natijasida ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik 2024 yilning 1 noyabr’ holatiga 2024 yil 1 yanvariga nisbatan 95 mlrd. 275 mln. so‘mga kamayishiga erishildi.
Mehnat muhofazasi sohasidagi ishlar holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga 597 ta taqdimnoma kiritildi va 2 ming 676 ta kamchilik bartaraf etildi. Korxona, tashkilot va muassasalarning jamoa shartnomalarida mehnat muhofazasi bo‘yicha rejalashtirilgan 334,5 mingta tadbirning 310,5 mingtasi bajarilib, bu maqsadlarga ish beruvchilar tomonidan 246,5 mlrd. so‘m sarflandi.
Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash sohasida ham tizimli ishlar olib borildi. Jumladan, jamoa shartnomalari orqali 27 ming 271 ta korxonada 78 ming 415 nafar kam ta’minlangan yosh oila vakillariga moddiy yordam ko‘rsatildi. 1 ming 388 ta korxonada oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 3 ming 899 nafar iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabalarga o‘quv shartnoma pullarining qisman to‘lovi amalga oshirildi. 1 ming 144 ta korxonada 2 ming 857 nafar yosh oilaga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni harid qilish uchun foizsiz csuda ajratildi. 999 ta korxonada 4 ming 793 nafar yosh xodimga safarbarlik zahirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan foizsiz ssuda berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” dasturi ijrosi uchun kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida 748 mlrd. 667 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ (kasaba uyushmalari mablag‘laridan 520 mlrd. 696,5 mln., ish beruvchilar mablag‘laridan 227 mlrd. 971,1 mln.) yo‘naltirildi.
Mazkur masalalar yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisi Nazira Tog‘aeva, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikasiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev, Federatsiya Nazorat-taftish komissiyasi raisi Baxodir Umurzoqov, Toshkent iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshabaev, Federatsiyaning Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Erkin Nuraliev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Gulshat Madenova, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov, Federatsiyaning Buxoro viloyat Kengashi raisi Muhammadqosim Olimov va boshqa mutuasaddilar so‘zga chiqib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Bosh kengash majlisida jamoa shartnomalari sifatini yanada oshirish, buning uchun ularni ekspertizadan o‘tkazadigan mutaxassislar malakasini oshirish, ish haqi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini hamda mehnat muhofazasiga oid talablarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarur ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, kasaba uyushmalari boshlang‘ich, tuman tashkilotlari rahbarlarining qonunlarni amaliyotda qo‘llash sohasidagi bilimlarini oshirish maqsadida o‘quvlar hajmini oshirish, yangi tuzilayotgan korxona, tashkilotlarda mehnat qilayotgan barcha xodimlarni kasaba uyushmalari xizmati bilan qamrab olish borasida dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Majlisda tizimdagi har bir kasaba uyushma tashkiloti 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturi asosida o‘z tadbirlar dasturini ishlab chiqishi, ularda kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilishi, imkoniyatlardan samarali foydalangan holda aholini ommaviy sportga keng jalb etish ishlarini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Federatsiya tizimidagi sog‘lomlashtirish maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangilarini barpo etish sohasidagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Bosh kengash yig‘ilishida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish”, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyini chaqirish” hamda “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi to‘g‘risida”gi masalalar ham ko‘rib chiqildi. Muhokamalar jarayonida 2025 yilda barcha darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida o‘tkaziladigan hisobot-saylovlar demokratiya va shaffoflik tamoyillariga ko‘ra muqobillik asosida o‘tkazilishi, boshlang‘ich, tuman, viloyat tashkilotlari raislari uchun hisobot-saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus o‘quvlarni tashkil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilning noyabr’ oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 9-Qurultoyini chaqirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi navbatdagi masala, ya’ni “Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Xalqaro Konfederatsiyasining I Kongressiga delegatlar saylash” masalasi ko‘rib chiqildi va Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Xalqaro Konfederatsiyasining I Kongressiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidan delegatlar saylandi . Ma’lumki, 2021 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etilgan edi. Kengashning 2024 yilda Tojikistonning Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mazkur tashkilotni Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Xalqaro Konfederatsiyasi etib qayta tashkil qilish tashabbusi bilan chiqdi va ushbu tashabbus Kengashga a’zo bo‘lgan mamlakatlar kasaba uyushmalari markazlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi hamda rasman tasdiqlandi. 2025 yil 1 fevral’ kuni Toshkentda Kengashning navbatdagi majlisini va Konfederatsiyaning 1-kongressini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Majlisda yana boshqa bir qator masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari