[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt test rejimida ishlamoqda

06.01.2025. Joylarda Yangi yil bayrami tadbirlari qizg‘in kechmoqda. Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi boshlang‘ichkasaba uyushma qo‘mitasi hamda viloyat Direktorlar kengashi tashabbusi bilan Yangi yil bayrami arafasida eng olis hududdagi maktab o‘quvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etilib, ishtirokchilarga sovg‘alar topshirildi.

Bu xayrli tashabbus pedagogik mahorat markazi jamoasining korporativ bayram tadbiridan voz kechib, uning o‘rniga olis hududlarda joylashgan umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari jamoasi bilan yaqindan muloqot qilish, ta’lim va o‘quv jarayoni bilan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Ilk tadbir Forish tumanidagi 50-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda mahallada yangi tashkil etilgan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari ishtirokida o‘tkazildi.

– Ochig‘i, bunday tashrifni hecham kutmagan edik, – deydi maktab direktori Dilshoda Suyunova. – Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi jamoasi maktabimizga tashrif buyurib, o‘qituvchilarga yelkadosh, hamkor ekanini yana bir bor namoyish etdi. Faqat ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilarga emas, balki barchaga birdek sovg‘a ulashilganidan bolalar juda xursand bo‘lishdi.

Darboza mahallasida joylashgan mazkur maktab tuman markazidan 270 kilometr uzoqlikda joylashgan. Maktab 80 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bugun unda 59 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Pedagogik mahorat markazi xodimlari maktabdagi ta’lim, sport va boshqa qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati bilan tanishdilar. Boshqa viloyatlardan kelgan o‘qituvchilar bilan shart-sharoitlar xususida suhbatlashdilar. So‘ngra har bir sinfdagi o‘quvchilarga shirinliklardan iborat sovg‘alar tarqatildi. Shuningdek, «Olis hudud» dasturi bo‘yicha respublikaning turli hududlaridan kelib, shartnoma asosida ishlayotgan 7 nafar o‘qituvchiga esdalik sovg‘alari berildi.

– Bu maktabga borib-kelish uchun bir kun vaqt ketdi, juda uzoq yo‘l bosdik, – deydi Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Doston Norbekov. – Ammo o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar yuzidagi quvonchni ko‘rib, charchoqlarimiz tarqab ketdi. Shunisi muhim, shunisi quvonchli!

Muqimboy Ismoilov