09.01.2025.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan oxirgi yillarda mamlakatni demokratlashtirish, inson qadrini ulug‘lash tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda birdek ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar, salomoqli yutuqlarga erishilmoqda. Ayiqsa, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasidagi takomillashuv jarayonlari mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoyalash ishlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi, xodimlarning kasaba uyushmalariga birlashishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani, O‘zbekiston tomonidan Xalqaro Mehnat Tashkilotining 24 ta Konvensiyasi va 1 ta protokoli ratifikasiya qilinganini alohida ta’kidlash zarur.
Bu kabi ijobiy o‘zgarishlar nafaqat Respublika miqyosida, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Buning natijasida xalqaro hamjamiyatda O‘zbekiston o‘zining ijobiy imiji hamda mustahkam o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2024 yilning iyul’ oyida mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jil’ber Ungboni qabul qildi. Mazkur qabul davomida Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jil’ber Ungbo o‘z tashrifini O‘zbekiston rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi deb atadi.
Davlatimiz rahbarining bu kabi sa’y-harakatlari natijasida mamlakatimizda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, milliy va xalqaro mehnat standartlarini hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli tadbirlar xalqaro darajada yuksak baholanib, xalqaro darajadagi hamkorlikni rivojlantirish borasida mislsiz natijalarga erishilmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining dunyodagi eng yirik kasaba uyushmalari birlashmasi bo‘lgan Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK)ning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilingani fikrimizning yorqin dalilidir.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK) dunyoning 180 ga yaqin mamlakatidagi kasaba uyushma tashkilotlarini qamrab olgan, 200 milliondan ortiq a’zoni birlashtirgan eng yirik Xalqaro kasaba uyushmalari birlashmasi hisoblanadi.
2024 yil 28-30 oktyabr’ kunlari mamlakatimizda Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining missiyasi bo‘lib o‘tdi, unga ushbu Konfederatsiyaning bosh kotibi Lyuk Triangl boshchilik qildi. Mehmonlar Yangi O‘zbekistonda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadilar. Ular bu kabi natijalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mazkur xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun muhim shart ekanligini alohida ta’kidladilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasiga haqiqiy a’zo sifatida qabul qilingani tom ma’noda Yangi O‘zbekiston kasaba uyushmalari hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorlik mehnatkashlar manfaatlari yo‘lidagi faoliyatning yanada takomillashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.
A’zolik O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi uchun xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarni kengaytiribgina qolmay, mamlakatimizning xalqaro darajadagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari