14.01.2025. 2025 yil kasaba uyushmalari tizimida hisobot-saylovlar yili. Mazkur jarayonda o‘tgan besh yillikdagi faoliyat sarhisob qilinib, erishilgan natijalar tahlil etiladi. Shu bois ayni kunlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari hamda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari tomonidan mazkur muhim davr oldidan barcha bo‘g‘imdagi kasaba uyushma tashkilotlari mutasaddilari va mutaxassislari uchun hisobot-saylov yig‘ilishlariga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bo‘yicha o‘quvlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tuman (shahar) kengashlari, birlashgan va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislarining 130 nafardan ortiq raislari ishtirokida “Boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilish (konferensiya) larini o‘tkazish” mavzuidagi amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilariga tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bosh hisobchisi T.Egamberdiev va Qashqadaryo viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi B.Xo‘jayarov, Federatsiyaning Qashqadaryo viloyati kengashi tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri K.Ataboev tomonidan mavzuga oid batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga hisobot-saylov yig‘ilish (konferensiya)lariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ushbu masalaga mas’uliyat bilan yondoshib, O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuni, Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmasi Ustavlari va me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishini ta’minlash, hisobot-saylov yig‘ilishlarini o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ri rasmiylashtirilishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirishlar berib o‘tildi. Ya’ni, hisobot-saylov konferensiyasini olib borishdan tortib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va tarkibini saylash, byulletenlarni to‘ldirish, sanoq komissiyasi va kotibiyatining ish jarayoni, yuqori tashkilot Konferensiyasiga delegatlarni hamda taftish komissiyasi raisi va tarkibini saylashgacha bo‘lgan jarayonlar amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Seminar davomida ishtirokchilar mavzuga oid masalalar bo‘yicha savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati