17.01.2025. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Ayollar daftari” orqali ko‘plab xotin-qizlarning muammolari hal etilib, mushkuli oson bo‘lib bormoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyatida ham o‘tgan yillar davomida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan yordam sabab ularning biri tadbirkor, biri ish beruvchi, yana birining esa doimiy bandligi ta’minlandi.
Uzoqqa bormaylik, “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi doirasida 800 mingdan ortiq 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasida anketa-so‘rovnomalar asosida xatlov ishlari amalga oshirildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra 109 ming 506 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritildi. Ularning hech birining muammosi, dardi qog‘ozlarda qolib ketmadi. Ularning barchasiga toifasi bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Buning uchun Respublika va mahalliy byudjeti hamda boshqa manbalar hisobidan 69,5 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.
Ushbu ezgu tashabbusning davomi sifatida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi boshlangani hech bir xotin-qiz e’tibordan chetda emasligini ko‘rsatdi.
Farg‘ona viloyatida 1 ming 63 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ayni paytda “Mahalla yettiligi” sektorlar ishchi guruhlari bilan birgalikda anketa-so‘rovnoma asosida xotin-qizlarning barcha yo‘nalishdagi muammolari uyma-uy yurish orqali o‘rganib chiqilmoqda.
Xususan, “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi Buvayda tumanida ham belgilangan tartib asosida olib borilmoqda. Xatlov ishlari davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar e’tibordan chetda qolmasligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
— Mahallamizda istiqomat qilayotgan 3 ming 510 nafar aholidan 1 ming 776 nafari ayollar. Ularning 652 nafari 30 yoshdan oshgan xotin-qizlardir, — deydi Buvayda tumani “Yangi hayot” MFY xotin-qizlar faoli Sadoqat Boymatova. — Hozirda har bir xonadonga kirib, xotin-qizlar bilan suhbatlar o‘tkazish orqali ularni qiynayotgan muammolarni anketa-so‘rovnomasiga qayd etayapmiz. Maqsadimiz ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish va ko‘maklashishdan iboratdir. Mana o‘tgan yili 5-bosqich doirasida 105 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Ularning barchasiga toifalar bo‘yicha zarur ko‘mak ko‘rsatilishi natijasida muammolariga yechim topildi.
Shu tumanning “Yangi hayot” MFY yashovchi Umidaxon Rahmonova ham ishsizligi bois “Ayollar daftari”ga olingan edi. U kasb-hunar egallashni afzal bildi. Mono markazda tikuvchilikni o‘rgandi. Ko‘p o‘tmay binoyidek tikuvchiga aylandi. Unga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. O‘rgangan hunari asosida uyida tikuvchilikni boshlab, kam bo‘layotgani yo‘q.
Shu mahallada yashovchi Gavhar Mamajonovaning ham boshidan ko‘p sinovlar o‘tdi. Voyaga yetgan o‘g‘li ishlab pul topaman, deganda avtohalokatga uchrab, sog‘ligidan ayrildi. Ona esa uni tashlab biror joyga borib ishlay olmadi. O‘rganish ishlari davomida u ham “Ayollar daftari”ga kiritildi. Gavhar opa o‘rganishga kelgan ishchi guruhga uyida qandolatchilik yo‘nalishida tadbirkorlik qilish istagi borligini aytdi. Shu asosida unga kredit ajratildi. Yaxshi niyatda boshlangan ish tezda yurishib ketdi. Dastlab o‘zi, buyurtmalar soni ko‘paygach esa qo‘shnilarini yordamchilikka oldi. Mana hozir u bilan 10 nafar qo‘shni ayollar mehnat qilmoqda.
— Shukur, qiyin kunlar ortda qoldi. “Ayollar daftari” orqali yelkamga oftob tegdi. Ko‘rsatilgan ko‘mak sabab ishlarim yurishib ketdi. Ko‘z tegmasin, mahsulotlarimni bozori chaqqon. Hozir Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarigacha mahsulot yetkazib beryapman, — deydi Gavhar Mamajonova.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda boshlangan ushbu xayrli va ezgu tashabbus qiynalgan ayollarga madad bo‘lib, orzularini ro‘yobga chiqarishga imkon bermoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi