18.01.2025. Kasaba uyushma a’zolari o‘zlari saylagan vakillardan faollik kutish va hisobot olishga haqli. Shu ma’noda 2025 yil kasaba uyushmalari faoliyati uchun muhim palladir. Chunki, joriy yil barcha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkaziladi.
Ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida joylarda o‘quv-seminarlari, davra suhbatlari va muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday o‘quv-seminarlaridan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat kengashi va Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamkorligida o‘tkazildi.
“Boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlarini o‘tkazish” mavzuida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarning 105 nafar boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilarga tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Erkin Bayniyazov, tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Shohida Begimqulova, Federatsiyaning Sirdaryo viloyati kengashi bosh mutaxassisi Bahtiyor Xaydarov, tarmoq kasaba uyushmasining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Inomjon Shokirov tomonidan mavzuga oid batafsil tushuntirishlar berildi.
Xususan, hisobo-saylov jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalarini o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi. Ayniqsa, hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalarida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va tarkibini saylash, byulletenlarni to‘g‘ri to‘ldirish, sanoq komissiyasi va kotibiyatining ish jarayoni, yuqori tashkilot Konferensiyasiga delegatlarni hamda taftish komissiyasi raisi va tarkibini saylashgacha bo‘lgan jarayonlar amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari tomonidan hisobot-saylov yig‘ilishlariga oid masalalar bo‘yicha berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati