18.01.2025. Barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma atashkilotlarida o‘tkaziladigan hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalari oldidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi tomonidan tumanlarda o‘qu-seminarlari o‘tkazilmoqda.
Yangibozor tumanida o‘tkazilgan ana shunday seminarda tumandagi barcha korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi raisi Gulsara Qurbonboeva oxirgi yillarda Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari hayotida tub burilishlar va ulkan o‘zgarishlar yuz berganligini alohida ta’kidladi. Xususan, ijtimoiy sheriklik ko‘lamini oshirish, xodimlarning mehnat sohasidagi huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, sport va sog‘lomlashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar xususida so‘z yuritdi. Ayniqsa, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tutgan o‘rni katta ekanligi, yetakchilardan har doim faol bo‘lish, jamoa manfaatlari uchun o‘z halovatidan kechish talab etilishi alohida qayd etildi.
Seminarda hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalarini talab darajasida o‘tkazishning ahamiyati, bu borada e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Kasaba uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridagi ishlarni amalga oshirish, xodimlarning munosib sharoitlarda mehnat qilishi hamda Jamoa shartnomalarida belgilangan ijtimoiy imtiyoz va kafolotlardan foydalanishini ta’minlash, ish beruvchilar bilan jamoa muzokaralarini olib borish masalalarida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi bo‘lim mudirlari, tarmoq kasaba uyushmalarining viloyatdagi yetakchilari boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati