[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

28.01.2025. Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyati birlashgan qo‘mitasining V majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyati birlashgan qo‘mitasi tizimida 90 ta tashkilot mavjud bo‘lib, ularda kasaba uyushmasi a’zolari soni 6090 nafarni tashkil etadi.

Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarida ustav talablariga asosan faoliyatni yo‘lga qo‘yish, ish tajribasini oshirish, hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomini mustahkamlash, hamda kasaba uyushmalari afzalliklarini targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi faolari ishtirokida “Ijtimoiy sheriklik va jamoa shartnomalarini tuzish”, “Jamoa shartnomalari bo‘yicha mehnat jamoasi yig‘ilishlarini o‘tkazish”, hamda “Hisobot-saylov yig‘ilishlarini o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi” mavzularida o‘quv seminarlar tashkil qilinmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining tavsiyaviy maketi asosida, tizimdagi 25 ta tashkilotda jamoa shartnomalari qayta tuzilib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga muvofiqlashtirildi. Shuningdek, 54 ta tashkilotda mehnat muhofazasi masalalarini muvofiqlashtirib, nazorat qilish uchun vakillar saylandi.

Bundan tashqari, jamoa shartnomalari orqali kichik yoshdagi farzandlari bor ayollar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilandi, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari muddatini uzaytirish, hamda 2 yoshgacha farzandi bor ayollarga bola parvarishi uchun haq to‘lanadigan tanaffuslar taqdim qilish kabi imtiyozlar joriy etildi. Sirasi aytganda, kasaba uyushmasi a’zolarining mehnat huquqlari hamda mehnatga munosib haq to‘lash huquqlari to‘liq ta’minlandi.

O‘tgan yil davomida umumxalq bayramlari munosabati bilan 748 nafar faol va ilg‘or kasaba uyushmasi a’zolari rag‘batlantirildi, 20 nafar yubiley sanasini nishonlagan faxriylar taqdirlandi. Shuningdek, 784 nafar xodimning teatr va konsertlarga tashrifi uyushtirildi, 470 nafar xodim uchun respublika tarixiy shaharlariga va o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil qilindi. 74 nafar xodimning farzandlari esa viloyatdagi yozgi bolalar oromgohlarida dam oldirildi.

Shu bilan birga, yordamga muhtoj va ehtiyojmand oilalarning 81 nafariga kasaba uyushmasi hisobidan moddiy yordam ko‘rsatildi. Pensiya yoshiga yetgan 13 nafar xodimga bir yo‘la moddiy yordam berildi hamda qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Bayramlar munosabati bilan 12 nafar nogironligi bor shaxslarga ham moddiy yordam taqdim qilindi. Bundan tashqari, ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan 2 nafar yosh onaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 21 nafar farzandi uchun o‘quv qurollari va darsliklar xarid qilindi.

2024 yil davomida soha xodimlaridan 77 nafar va ularning oila a’zolari sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi. Ularning 10 nafari ishlayotgan pensionerlar va 29 nafari kasaba uyushmasi a’zolarining ota-onalaridir.

Mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarziga rag‘batlantirish maqsadida yugurish estafetasi, badminton, kamondan otish, stol tennisi, mini futbol, armrestling va streetbol musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Ayni kunlarda kasaba uyushmasi faolari ishtirokida hisobot-saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, yig‘ilish va konferentsiyalarni yuqori saviyada o‘tkazishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.

Alisher Salaev

Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyati birlashgan qo‘mitasi raisi