[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

29.01.2025. So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshqa ko‘plab sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida ham tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shuvchi sportchilarni tarbiyalash imkoniyatlari kengayib bormoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib, mehnatkashlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, mehnat jamoalarida xodimlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlash yo‘nalishlaridagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xuddi shu maqsadlarda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xodimlar o‘rtasida turli sport musobaqalari, oilaviy spartakiadalar, turnirlar o‘tkazish bilan birga, kasaba uyushmalari tizimida bolalar va o‘smirlar sport maktablari tashkil etilib, xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘taruvchi sportchilarni yetishtirish ilariga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Yurtimizda yoshlarning suv sporti turlariga bo‘lgan qiziqishi hamda suv sporti turlari ommaviyligini oshirish, bu orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash, saralash (seleksiya) va maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish, ushbu sohada malakali mutaxassislar va hakamlar tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilib, foydalanishga topshirilgan “Kasaba uyushmalari suv sporti saroyi” fikrimizning yorqin dalilidir.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan bo‘lib, bu yerda professional sportchilar va havaskorlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, 50 metrli basseyn va 500 o‘rinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar mavjud. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda esa bolajonlarning suv sportini o‘rganishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Ikkinchi qavatda ma’muriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan.

Bir vaqtning o‘zida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lgan ushbu majmuada bugungi kunda suv sporti bilan shug‘ullanish orqali mehnat jamoalari, mehnatkashlar va ularning oila a’zolari, yoshlar va faxriylarning salomatliklari mustahkamlanmoqda. Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan bo‘lib, Yangi O‘zbekiston sportning ushbu turi bo‘yicha yetuk sportchilarni tarbiyalash ishlari olib borilmoqda. Xususan, ushbu maskanda suzish buyicha 140 nafar, sinxron suzish bo‘yicha 14 nafar, suvga sakrash yo‘nalishida 13 nafar sportchi  shug‘ullanmoqda. Bu kabi ezgu ishlar natijasida o‘tgan yilning noyabr’ oyida Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan suzish bo‘yicha xalqaro turnirda sportchimiz Komila Mahmadiyorova 100 metr distansiyada batterflyay usulida suzish bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Kasaba uyushmalari tomonidan poytaxtimizning Yakkasaroy tumani maxallalaridagi kam ta’minlangan oilalarning 40 nafar a’zosi sportning ushbu turi bilan bepul shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratilgan. Ayni kunlarda ular bilan suvga sakrash bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk bor XXXIII Yozgi Olimpiada o‘yinlariga lisenziyani ko‘lga kiritgan kasaba uyushmalari sportchisi, Xalqaro toifadagi sport ustasi Igor’ Myalin mashg‘ulot o‘tmoqda.

Kuni kecha ushbu maskanda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar kengashi tomonidan “Sportni sev, sport bilan yasha!” targ‘ibot-tashviqot va sport tadbiri o‘tkazildi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad – mehnatkashlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish orqali salomatliklarini mustahkamlash, kasb kasalliklarining oldini olishdir.

Tadbirda poytaxt kasaba uyushmalari faollari, tarmoq kasaba uyushmalari Toshkent shahar Kengashlari va birlashgan qo‘mitalari raislari, korxona, tashkilot va muassasalarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari va faolari, turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar, sport faxriylari, mahallalar faollari va yoshlar ishtirok etdilar.

Ishchi-xodimlarni suzish havzasiga keng jalb etish, xususan, suv sporti turlarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, aholining ushbu sport turlariga qiziqishini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir davomida ishtirokchilar suv sporti saroyidagi shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishar ekanlar, ularga  suv havzasi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati