30.01.2025. Joriy yilning 30 yanvar’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashining majlislar zalida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Buxoro viloyat kengashi tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar raislari ishtirokida hisobot-saylov konferensiyalari o‘tkazishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Toshmatova Diloram Muxtarovna, Respublika Kengashining bosh buxgalteri Umarov G‘ofur Abduxamidovich va viloyat kengashining tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Ahmedov Ahmadjon hamda Viloyat kengashi raisi Hodiev Ibroxim Saidovichlar ishtirok etdi.
Ushbu o‘quv-seminarda tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma raislari kasaba uyushma hisobchilari jami 57 nafar xodimlar qatnashdi. Seminar davomida ishtirokchilarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida Nizom” talablari asosida hisobot-saylov konferensiyalarini o‘tkazish tartibi, qo‘mita a’zolarini saylash jarayoni, hujjatlarni rasmiylashtirish, komissiya a’zolarining vazifalari va dublyorlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘tkazilgan o‘quv-seminarida hisobot-saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, hisobot-saylov konferensiya, yig‘ilishlarini olib borish, boshlang‘ich kasaba uyushmasining saylanma organlarini saylash, byulleten’ to‘ldirish tartibi, shuningdek sanoq komissiyasining faoliyati, konferensiyalarga delegatlar saylash norma va tartiblari haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.
O‘quv-seminarda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga to‘liq javoblar berildi. Bu yil kasaba uyushmalari hayotida muhim davr, ya’ni so‘nggi 5 yillik faoliyat sarhisob qilinadi. Barcha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov konferensiyalari o‘tkazilib, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar tahlil qilinadi, faoliyatda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlarga urg‘u berilib va ustuvor vazifalar belgilab olinadi.