11.02.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Ikki buyuk siymo: ma’naviyatimiz sarchashmalari” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.
“Maxam-Chirchiq” AJda o‘tkazilgan adabiy-badiiy kecha buyuk bobokalonlarimizning hayoti va ijodiga bag‘ishlandi. Tadbirda xodimlar tomonidan Alisher Navoiy va Bobur ijodidan namunalar o‘qib berildi, shuningdek, korxona “Kimyogarlar” saroyi ansambli ijrosida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, yosh xodimlar o‘rtasida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish maqsadida poytaxtimizning **“Adiblar hiyoboni”**ga sayohat tashkil etildi va “Buyuk siymolarni yod etib” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tarmoq tizimidagi “Navoiyazot” AJ xodimlari o‘rtasida “Ikki buyuk siymo: ma’naviyatimiz sarchashmalari” mavzusida ko‘rik-tanlov tashkil etildi. Unda 18 nafar ishtirokchi tanishtirish, g‘azalxonlik mahorati va sahnaviy ko‘rinish shartlari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar.
Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar g‘olib deb topildilar:
57-sex xodimlari Nasiba Sindarova va Maftuna Qosimova,
33-sex mutaxassislari Yorqinoy Toshniyozova va Feruza Narzullaeva,
23-sex xodimi Zarnigor Jumaeva,
917-sex xodimi Nigora Ibodullaeva.
Korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tarmoq tizimidagi “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJda ham buyuk mutafakkir, so‘z mulki sultoni Alisher Navoiy va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan “Ikki buyuk siymo: ma’naviyatimiz sarchashmalari” mavzusi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuqori zavq bilan o‘tkazildi.
Adabiy kechada barcha bo‘lim va sex xodimlari ishtirok etdilar, shuningdek, xodimlar tomonidan buyuk mutafakkirlar ijodidan g‘azallar va ruboiylar o‘qib berildi. Shuningdek, xodimlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bobokalonlarimizning hayot va ijodiga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish maqsadida “Kitob sovg‘a qilamiz” aksiyasi hamda “Moziyga qaytib” mavzusida milliy liboslar kuni tashkil etildi. **“G‘azalxonlik haftaligi”**da faol ishtirok etgan xodimlar tashkilotchilar tomonidan e’tirof etildi.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi