13.02.2025. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida xotin-qizlarning ishtiroki tobora ortib borayotgani va har bir sohada xotin-qizlar yangi tashabbuslar bilan chiqayotgani mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovasiyalar” to‘g‘risidagi rezolyusiyada 11 fevral’ – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan bo‘lib, bu kun O‘zbekistonda ham keng nishonlanib kelinmoqda.
Joriy yilning 10-15 fevral’ kunlari yurtimizda “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi” mavzusida ilmiy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda xotin-qizlarning ilmiy salohiyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar haftaligi katta qiziqish bilan o‘tkazilmoqda. Xususan, tarmoq tizimidagi D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filialida xotin-qizlarni ilm-fan va kimyo sohasida qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan “Global nonushta: fan va kimyoda ayollarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchilari, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimjanova, olimalar, professor-o‘qituvchilar, tarmoq korxonalari mutaxassislari, faol xotin-qizlar va talabalar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda ilm-fan rivojida xotin-qizlarning tutgan o‘rni, kelgusida barqaror rivojlanish va ilmiy tadqiqotlarda olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning safini oshirib borish kabi dolzarb masalalar ko‘tarilib muhokama qilindi.
Seminarda olima ayollar o‘z tajribalari va yutuqlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Yashil kimyo” va ishlab chiqarish jarayonlaridagi innovasiyalar bilan bog‘liq mavzular, xotin-qizlarning ta’lim va ilmiy faoliyatdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, texnika fanlari doktori, “Yil ayoli-2024” milliy tanlovi g‘olibi, “Ammofos-Maxam” AJ bosh texnologi Nadejda Volinskova “Ilhomlantiruvchi yo‘l: fanda ayollar va qizlar” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, “Ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini ta’minlash uchun sun’iy intellekt va bulut texnologiyalaridan foydalanish”, “Fanda ayollar va qizlar: korxonalarning mehnat salohiyatini oshirishga hissasi”, “O‘zbekiston Respublikasida bozor trendlarini tahlil qilish va glutensiz mahsulotlarga talabni o‘rganish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir interaktiv shaklda o‘tgani sababli ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, mulohaza yuritish va erkin munozaraga kirishish imkoniyati yaratildi.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi