[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

13.02.2025. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yilning Navoiy viloyatida Alisher Navoiy yili, deb e’lon qilinishi, shuningdek, buyuk mutafakkir va shoir Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan  qizilqum vohasida “Alisher Navoiy va sharq Renessansi” mavzusidagi IV xalqaro ilmiy-nazariy simpoziumning o‘tkazilgani unutilmas tarixiy voqeaga aylandi.

Darhaqiqat, ilm 584 yildan keyin ham zamonaviy karvon yo‘llarini nur va ziyo bilan Navoiyga yetakladi. Xalqaro simpoziumda Belgiya, AQSh, Vengriya, Pokiston, Rossiya, Eron, Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 ga yaqin davlatning, shuningdek respublikamizning navoiyshunoslari, arboblar, madaniyat va san’at namoyandalari, yirik oliy o‘quv yurtlari professorlari yig‘ildilar.

Ularning barchasi Navoiy merosini o‘rganish, uning g‘oyalarini zamonaviy jamiyatga tatbiq etish, Sharq Renessansidagi o‘rnini yanada chuqurroq tahlil qilish maqsadida Navoiyda jam bo‘lishdi.

Mehmonlarni dastlab Navoiy temir yo‘l vokzalida viloyat mas’ullari samimiy kutib oldilar. Ularni kutib olish marosimida Navoiyning bebaho merosini eslash, uning g‘oyalarini zamonaviy jamiyatga tatbiq etish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga bo‘lgan ishtiyoq yanada kuchaydi.

Mana besh asrdan ortiq vaqt o‘tdiki, Navoiy dahosiga bo‘lgan qiziqish, makon va zamon tanlamaydigan shoirning dilbar va shoh asarlariga bo‘lgan muhabbat ortsa ortdiki, aslo so‘ngani yo‘q. Nafaqat turkiy olam, balki butun bashar ulug‘ mutafakkir g‘azallarining yangi-yangi ma’nolarini kashf qilish bilan birga baharamand ham bo‘lmoqda.

Simpoziumning yalpi majlisi Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat maskanida tashkil etildi. Mamlakatimiz Prezidentining «Alisher Navoiy va Sharq Renessansi IV Xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga» tabrigini Respublika Prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirokchilarni yuksak ma’rifiy-ma’naviy anjuman bilan qutlab, mamlakat rahbari qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash navoiyliklar uchun yuksak mas’uliyat va sharaf ishi ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda so‘z olgan AQSh va Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlaridan kelgan taniqli navoiyshunos olimlar hazrat Alisher Navoiy dahosi umuminsoniyat mulkiga aylanganini qayd etishdi.

Anjumanda navoiyshunoslik yo‘lidagi fidokorona xizmatlari uchun Anqara shahridagi Boshkent universiteti professori, Alisher Navoiy nomidagi tadqiqotlar amaliy markazi direktori Abdurrahman Guzel va Prinston universiteti professori (AQSh) Rizo Jaloliy Balxiyga «Navoiy shahrining faxriy fuqarosi» unvoni topshirildi. Bir qator tadqiqotchilar tashkilotchilarning ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.

Simpozium doirasida viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, mahalla va ishlab chiqarish korxonalarida taniqli olimlar, ijodkorlar ishtirokida navoiyxonlik, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil etildi.  Bu tadbirlar buyuk mutafakkirning boy merosini o‘rganish va uning g‘oyalarini keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Nazira Tog‘aeva

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat kengashi raisi