13.02.2025. 2025 yil 12 fevral’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi majlislar zalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi apparati xodimlari ishtirokida 2023-2025 yillar uchun qabul qilingan jamoat shartnomasining 2024 yilda bajarilishi yuzasidan hisobot-saylov majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda 2024 yilda jamoat shartnomasining bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi v.v.b. M. Daniyarov va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi B. Utepbergenovning hisobotlari tinglandi hamda jamoat shartnomasining bajarilishi bo‘yicha nazorat komissiyasining dalolatnomasi bilan tanishtirildi. Kun tartibidagi masala majlis ishtirokchilari tomonidan muhokama qilinib, yig‘ilish qarori bilan jamoat shartnomasining 2024 yilda bajarilishi qoniqarli deb topildi va yig‘ilish yopiq deb e’lon qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ustavi va Qoraqalpog‘iston Kengashining nizomiga asosan kasaba uyushma organi 5 yil muddatga saylanishi belgilanganligi va bu muddat 2025 yil fevral’ oyida tamomlanishi munosabati bilan Kengash kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi ochiq deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmat ko‘rsatish xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Kengashi hisobot-saylov konferensiyasiga delegat saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining 2020 yil fevraldan 2025 yil fevralgacha bo‘lgan faoliyati yakunlari va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi oldingi vazifalar to‘g‘risida qo‘mita raisi Bekpolat Utepbergenov hamda taftish komissiyasi a’zosi Kamiljan Uteniyazovning hisobotlari tinglandi. Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan hisobot tanqidiy nuqtai nazardan muhokama qilinib, so‘zga chiqqanlar fikr va takliflar bildirdilar. Natijada 2020 yil fevral’—2025 yil fevral’ oylari oralig‘ida Kengash kasaba uyushmasi qo‘mitasining faoliyati “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.
Saylovlarga kelganda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining 2024 yil 21 dekabrdagi IX-3-sonli «O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida qo‘mita raisi muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan, qolgan masalalar esa ochiq ovoz berish yo‘li bilan hal etilishi maqullandi.
Yashirin ovoz berish natijasiga ko‘ra, Kengash mehnat texnik inspektori Utepbergenov Bekpolat Allanazarovich 5 yil muddatga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib saylandi.
Shundan so‘ng, ochiq ovoz berish yo‘li bilan qo‘mita a’zolari, taftish komissiyasi tarkibi va raisi, shuningdek, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmat ko‘rsatish xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Kengashi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Kun tartibidagi masalalar to‘liq ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish boshqaruvchisi yig‘ilishning o‘tishi bo‘yicha ishtirokchilarning fikr va mulohazalarini so‘radi. Hech qanday qo‘shimcha fikr va taklif bildirilmagani sababli, yig‘ilish yopiq deb e’lon qilindi.