14.02.2025. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlayotgan 63 nafar xodimning mehnat shartnomasi shtatlar qisqarishi munosabati bilan bekor qilindi.
Maktab direktori tomonidan qabul qilingan tegishli buyruqlarda xodimlarning ish stajiga qarab ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lash to‘g‘risidagi qonun talablari kiritilmagan va nafaqa to‘lovlari bir oylik o‘rtacha ish haqi asosida to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, xodimlar 2024 yil 11 dekabrdan 2025 yil 11 yanvargacha ishsiz qolgani munosabati bilan mehnat shartnomasi alohida asoslar bo‘yicha bekor qilinganda, ishga joylashtirish davrida o‘rtacha oylik ish haqini saqlab qolish kafolatlari ish beruvchi tomonidan to‘lanmagan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi raisi tomonidan maktab direktoriga 63 nafar xodim ishsiz qolgani va ishga joylashtirish davrida o‘rtacha oylik ish haqini saqlab qolish kafolatlari, ya’ni ikkinchi oylik uchun 122 206 402 so‘mlik ish haqi to‘lovlari to‘lab berish bo‘yicha yozma ko‘rsatma kiritildi. Kasaba uyushma aralashuvi bilan bu mablag‘lar 2025 yil 3 fevralda undirib berildi.
Rustam Nasimov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi mutaxassisi