15.02.2025. Toshkent elektr ta’minoti filiali kasaba uyushma qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti tomonidan 2020 yil yanvaridan 2025 yil yanvarigacha bo‘lgan hisobot davri mobaynida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
Hisobot-saylov konferensiyasida Toshkent elektr ta’minoti filiali rahbariyati, elektr tarmog‘iga xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, elektr ta’minoti nim tortish stansiyalari boshliqlari va joylardan konferensiyaga delegat etib ko‘rsatilgan soha xodimlari ishtirok etdilar.
Toshkent elektr ta’minoti filiali kasaba uyushma qo‘mitasining 2020-2025 yillar davridagi faoliyati yuzasidan hisboti va taftish komissiyasining hisobot ma’ruzasi keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan muzokaralarda so‘zga chiqqan delegatlar kasaba uyushma qo‘mitasining hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli baholadilar.
Shundan so‘ng Toshkent elektr ta’minoti filiali kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi va raisi, Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli hududiy kasaba uyushmasi konferensiyasiga delegat saylandi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilarga joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi, shu munosabat bilan joylardagi mehnat jamoalarida o‘tkazilayotgan tadbirlar, mamlakat kasaba uyushmalari tarixiga oid ma’lumotlar berildi.
Konferensiya yakunida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti oldida turgan dolzarb vazifalar, faoliyatning asosiy yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan ishlar, ularning sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq va maqsadli tadbirlar belgilab olindi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari