[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

17.02.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylovi bo‘lib o‘tdi.

Hisobot-saylovda “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ direktori R. Saliev, Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimjonova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati kengashi raisi Nazira Tog‘aeva, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Raxmiddin Muxammedov, korxonaning mas’ul xodimlari va sexlardan saylangan delegatlar ishtirok etdilar.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi N. Alimjonova so‘zga chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar va “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” bayrami to‘g‘risida ma’ruza qildi. Shuningdek, har besh yilda o‘tkaziladigan hisobot-saylov konferensiyalarining ahamiyati haqida so‘z yuritib, “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ hisobot-saylov konferensiyasini o‘tkazish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Konferensiya kun tartibiga ko‘ra, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Raxmiddin Muxammedovning 5 yil davomida olib borilgan faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi hisoboti va kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati yuzasidan taftish komissiyasining hisoboti eshitildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kasaba uyushmasi a’zolari tomonidan jami 580 dan ortiq murojaat kelib tushgan, shundan 506 ta murojaat yozma, 81 tasi esa og‘zaki shaklda bo‘lgan.

Murojaatlar mazmuni bo‘yicha asosan huquqiy himoya, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish, mehnat muhofazasi, sog‘lomlashtirish, moddiy yordam ajratish, ijtimoiy-mehnat munosabatlari, uy-joy olish uchun boshlang‘ich badalni to‘lab berish va boshqa maishiy masalalar bo‘yicha murojaatlar tushgan. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan murojaatlar mualliflari ishtirokida o‘rganilib, qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda tushuntirish berilgan hamda ijobiy hal etilgan.

Jamoa shartnomasida belgilangan imtiyoz va kafolatlardan deyarli barcha xodimlar foydalangan.

Jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi natijasida, 2024 yil davomida har bir xodimga o‘rtacha 23 mln 542,5 ming so‘m mablag‘ sarflangan.

Hisobot davrida jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan imtiyozlar uchun jami 5 mlrd 527 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

Har yilgi yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi davomida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga xodimlarning farzandlari uchun korxona mablag‘lari hisobidan 412 mln so‘m, kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan esa 247 mln so‘m ajratilgan.

Ma’ruzalar o‘z nihoyasiga yetgach, muhokamaga o‘tildi. Delegatlar tomonidan boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi hisobotlari “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Shundan so‘ng, vakolat muddatining tugashi munosabati bilan boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi va uning raisi hamda yuqori kasaba uyushmasi organiga delegatlar saylandi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan muqobillik asosida o‘tkazilgan saylovda ko‘pchilik ovoz bilan Raxmiddin Muxammedov “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ kasaba uyushmasi qo‘mitasining raisi etib qayta saylandi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi