17.02.2025. Xorazm viloyat kengashi tomonidan tashkil qilingan aksiyada yuzdan ziyod kasaba faollari, shifokorlar va ko‘ngillilar ishtirok etdilar.
Viloyat qon quyish markazi ertalabdan qon topshirish istagidagi yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Ular orasida viloyat kengashi ijtimoiy himoya bo‘limi mudiri Xudoybergan Otajonov ham bor edi.
— Xudoybergan og‘a, mana bir necha yildirki, muntazam qon topshirasiz…
— Hammaning farzandlari sog‘-salomat bo‘lib, ortida qolsin, — deydi u.
Bekzod Ro‘zmetov, Otanazar Xalilullaev, Isakjon Davron Raxmatullaev, Rasulbek Allaberganov kabi kasaba xodimlari har yili uch-to‘rt marta qon topshirishga odatlanishgan. Ular safi tobora kengayib bormoqda.
— Olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari tufayli qon topshirish istagidagi kasaba faollari soni yildan-yilga oshib bormoqda. Biz xastalik bilan kurashayotgan barcha bolajonlar shifo topishini istaymiz, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Ismoilov.
Muhabbat To‘raboeva