19.02.2025. Joriy yilning 19 fevral’ kuni Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon viloyat filialida 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi yakunlari bo‘yicha mehnat jamoasining hamda kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari Respublika kengashi raisi F. Xanapiyaev, tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassis D. Toshmatova, viloyat kengashi raisi A. Arziev ishtirok etdi.
Mehnat jamoasining konferensiyasida 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi bo‘yicha Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon viloyat filiali direktori A. Mamadiev hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisi M. Turdieva hisobot berdi. Delegatlar tomonidan jamoa shartnomasi bandlarining 2024 yilda bajarilishi “qoniqarli” deb baholandi. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya dalolatnomasi tasdiqlandi.
Jamoa shartnomasiga xodimlarning haq-huquqlarini himoya qilishni kuchaytiruvchi me’yorlar, ish haqi miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi bandlar, ish vaqti va dam olish vaqti sohasida qo‘shimcha imtiyozlar, ijtimoiy himoyani kengaytirish choralari kiritilgani natijasida ularni bajarish uchun har bir xodimga o‘rtacha sarflangan mablag‘ 10 mln 115 ming so‘mni tashkil etgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng kasaba uyushma qo‘mitasining 2022 yil dekabrdan 2025 yil fevraligacha bo‘lgan davrdagi faoliyati muhokama qilinib, uning faoliyati qoniqarli deb topildi hamda taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.
Kun tartibiga muvofiq saylov muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib Turdieva Mavlyudaxon Rivojidinovna qayta saylandi. Shuningdek, qo‘mita tarkibi, har bir qo‘mita a’zosi uchun dublyorlar, kasaba uyushma raisi bilan mehnat shartnomasini imzolash vakolati, taftish komissiyasi tarkibi va raisi tasdiqlandi. Shuningdek, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotining konferensiyasiga delegat saylandi.
Konferensiyada tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi F. Xanapiyaev tomonidan tarmoq kelishuvi, hududiy kelishuv hamda jamoa shartnomalariga kiritish orqali belgilangan qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar, mehnat muhofazasi va xodimlar uchun xavfsiz hamda qulay sharoit yaratish maqsadida olib borilayotgan tizimdagi islohotlar to‘g‘risida ma’ruza qilindi. Shuningdek, kasaba uyushmasiga a’zolikning afzalliklari va kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi, tuzilma tomonidan olib borilayotgan islohotlar, erishilgan yutuq va natijalar haqida to‘xtalib o‘tildi.