[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

21.02.2025. Ma’lumki, 2025 yilda bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanadi.

Sana munosabati bilan Respublikamiz hududlarida, mehnat jamoalarida turli konferensiya va seminarlar, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy-intellektual tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Xuddi shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan Guliston shahridagi Halima Xudoyberdieva nomidagi Ijod maktabida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Federatsiyaning Sirdaryo viloyat Kengashi mutasaddilari va xodimlari, viloyatdagi kasaba uyushma faollari, ziyolilar, faxriylar hamda Ijod maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Dastlab O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva haykali poyiga gullar qo‘yildi. So‘ngra  tadbir ishtirokchilari shoira hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdilar.

Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan  madaniy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov mamlakat kasaba uyushmalari tomonidan bugungi kunda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, salomatliklarini mustahkamlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, kasaba uyushmalari tarixi xususida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Halima Xudoyberdieva hayoti va ijodining ma’naviyatimizni yuksaltirishdagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng Ijod maktabi o‘quvchilari jadid bobolarimiz haqida o‘zlari bilgan ma’lumotlarni yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdilar. Ishtirokchilarga o‘quv dargohida tashkil etilgan dutorchilar, doirachilar, “Navbahor”raqs ansambllarining chiqishlari namoyish etildi, shoiraning she’rlari o‘qildi, ijodkor she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan Ijod maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan 20 nafari kasaba uyushmasi tomonidan Samarqand shahriga sayohatga yuborilishi e’lon qilindi. Shuningdek, maktabning faol o‘qituvchi va o‘quvchilaridan bir guruhi Kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida Ijod maktabi direktori, senator Pokiza Ahmedjonova kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati