03.03.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlari tubdan o‘zgarib, aholimiz farovonligi tez sur’atlarda o‘sib bormoqda. Eng muhimi, faol fuqarolik jamiyati shakllanmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining ham o‘rni borligi quvonarli, albatta. Bu borada kasaba uyushmalari faollari xodimlar manfaatlarini himoya qilish orqali jamiyatimiz farovonligining oshishiga xizmat qilmoqdalar.
Konferensiya ishida “Navoiyazot” AJ boshqaruvi raisi Farrux Samadov, Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi raisi Nazira Tog‘aeva va ishlab chiqarish sexlaridan saylangan 200 nafar delegat ishtirok etdi.
Konferensiyada tashkilotning 5 yillik faoliyati yuzasidan ish beruvchi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va taftish komissiyasining hisobotlari eshitildi. Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy sherikchilik asosida ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, xodimlar va ularning farzandlarini sog‘lomlashtirish ishlari tashkil etilgan.
Ma’ruzalar o‘z nihoyasiga yetgach, muhokamaga o‘tildi. Delegatlar tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.
Konferensiya kun tartibiga ko‘ra, tashkiliy masala ko‘rildi. Unda yashirin ovoz berish yo‘li bilan muqobillik asosida “Navoiyazot” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi lavozimiga ko‘pchilik ovoz bilan Fayzieva Feruza Xamidovna qayta saylandi. Shuningdek, kasaba uyushmasi qo‘mitasining tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi hamda Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining IV Qurultoyiga delegatlar saylab olindi.
Konferensiya yakunida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida “Navoiyazot” AJ korxonasida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasining ijtimoiy sherikligida mustahkam himoyalanganligini, jumladan, jamoa shartnomasida xodimlar daromadini oshirish, ularga qo‘shimcha mehnat ta’tillari berish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat muhofazasi, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, salomatliklarini mustahkamlash masalalari o‘rin olganligini ta’kidlab o‘tdi.
Nigora Alimdjanova o‘z nutqida davom etib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Delegatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda kelgusidagi faoliyat yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida xodimlar mas’ullardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский