05.03.2025. Ishchi xizmatchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat xavfsizligini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilishda kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor. Ular ishtirokida mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ijtimoiy yordam va adolat tamoyillarini mustahkamlash, fuqarolarning faolligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda korxona, tashkilot va muassasalarda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining hisobot-saylov konferensiyalari bo‘lib o‘tmoqda.
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” mamlakatimizning yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 3 yarim mingdan ortiq ishchi xodimlar mehnat qilishadi. Majmuada o‘tkazilgan kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ish beruvchi va kasaba uyushmasi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishchi-xizmatchilar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish borasida o‘tgan 5 yillik hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
Shuningdek, ishchilarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida olishlari, xodimlarni o‘qitish, kasbga qayta tayyorlash, mehnatini muhofaza qilish, kasanachilikni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha 5 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida korxona kasaba uyushma qo‘mitasi raisi mehnat jamoasi oldida hisobot berdi.
Ta’kidlash zarurki, hisobot davrida mehnatni muhofaza qilish va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, xotin-qizlar va yoshlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi xodimlarning xuquq va manfaatlarini himoyalash, mehnat faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham samarali ishlar olib borildi. Shuningdek, 208 nafar xodimni boshqa kasbga o‘qitish orqali ish bilan ta’minlashga erishildi, buning natijasida shtatlar qisqartirilishining oldi olindi. Bundan tashqari jamoa shartnomasiga muvofiq xodimlarning imtiyozli ravishda markaziy klinika va sanatoriylarda sog‘liqlarini tiklashlari uchun sharoit yaratib berildi.
Konferensiyada kasaba uyushmasi tashkiloti erishgan natijalar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni takrorlamaslik, e’tibor kuchaytirilishi zarur bo‘lgan yo‘nalishlardagi ishlar sifatini yanada oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Muqobillik asosida va yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda kasaba uyushma qo‘mitasiga yangi rais va rais o‘rinbosari saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘linmasining hisobot-saylov Konferensiyasiga delegatlar saylab olindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati