05.03.2025. Hozirda tibbiyot birlashmasida 4 ming 468 nafar ishchi-xodim mehnat faoliyatini olib bormoqda. Konferensiyada belgilangan me’yorga muvofiq boshlang‘ich tashkilotlardan saylangan 50 nafar delegat ishtirok etdi.
Dastlab, ishchi rayosat, kotibiyat, tahrir hamda sanoq komissiyalari saylab olinganidan so‘ng kun tartibidagi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Unga ko‘ra, Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasining 2022 yil martidan 2025 yil martigacha bo‘lgan davrdagi faoliyati tinglandi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida 363 nafar ishchi hamda ularning ota-onalari kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda imtiyozli ravishda sog‘lig‘ini tiklagan, 192 nafar xodim kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan Toshkent, Samarqand, Xorazm viloyatlarining diqqatga sazovor joylariga sayohatga yuborilgan, 471 nafar xodimga moddiy yordam berilgan, ishchi-xodimlarning 212 nafar farzandi yozgi mavsumda bolalar oromgohlarida dam olgan. Bundan tashqari, ish beruvchi va kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari uchun 861 mln 171 ming so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Shuningdek, jamoa shartnomalari orqali 15 ta shahar tibbiyot muassasalarida ishlayotgan ishchilar va oila a’zolarining 912 nafariga 182 mln 475 ming so‘mlik kasaba uyushma mablag‘lari hisobidan ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Konferensiya delegatlari kasaba uyushma qo‘mitasining o‘tgan yillardagi faoliyatini qoniqarli deb topib, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasining hisobotini tasdiqladi.
Shundan so‘ng konferensiyada yashirin ovoz berish yo‘li orqali muqobillik asosida Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib Ximoyatxon Sobirova qayta saylandi.
Konferensiyada, shuningdek, Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibi, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi tarkibi, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat kengashi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat kengashi raisi Shohidaxon Karimova ishtirok etib, ishchi-xodimlarning himoyasi borasida olib borilgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi