06.03.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi hamda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga ehtirom haftaligi” doirasida kasaba uyushmalari tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida bugun erta tongdan Samarqand viloyatidagi 16 ta tuman va shaharlarda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan 800 nafardan ortiq xotin-qizlar va kasaba uyushmalari faxriylari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar hamda tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirildi.
Shuningdek, mazkur dastur asosida 800 dan ortiq xotin-qizlar uchun Samarqand shahridagi “Diyora” bazmgohida madaniy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Zebo Saidova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov so‘zga chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash, ayollar salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, ehtiyojmand ayollarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan xotin-qizlar jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli xotin-qizlar ko‘payib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston kasaba uyushmalari laureati Farhod Saidov o‘zining kuy-qo‘shiqlari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.