[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

07.03.2025. 6-mart kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga ehtirom” mavzusida madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ayollarga ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyat kelajagini belgilab beruvchi kuch ekanligi, yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdilar. Shuningdek, kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissalari e’tirof etildi.

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi 3 118 ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarida 544 039 nafar a’zo mavjud bo‘lib, ularning 256 510 nafari ayollardir.

Toshkent viloyati bo‘yicha 2025-yil 1-yanvar holatiga mahalliy hokimliklar, homiylar va kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan jami 129 649 nafardan ortiq xotin-qizlarga moddiy yordam (dori-darmon, davolanish, kommunal to‘lovlar va boshqa to‘lovlar) ajratildi. Shuningdek, 1 197 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Jamoa shartnomalarining “Ayollar mehnatini tartibga solish, ayollar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslarga beriladigan qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar” bo‘limidagi bandlarning ijrosi ish beruvchilar va kasaba uyushmalari tomonidan ta’minlanib, Mehnat kodeksining 409-moddasi asosida 841 nafar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol uchun haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish vaqti belgilandi. Shuningdek, 2 yoshdan 3 yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan 1 554 nafar yosh onalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ishlovchi xotin-qizlarning salomatligini tiklash maqsadida 2024 yil davomida sanatoriylarga ijtimoiy sug‘urta byudjeti hisobidan 2 073 dona yo‘llanma (shundan 230 nafari bepul) hamda kasaba uyushmasi badali hisobidan 248 dona yo‘llanma ajratildi.

Shuningdek, korxona va muassasalardagi 15 174 nafar xotin-qiz uchun kasaba uyushmalari tomonidan Xiva va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi.

Ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil davomida xotin-qizlardan 106 ta yozma va 8 ta elektron murojaat kelib tushgan bo‘lib, 101 nafarining huquqi tiklandi hamda amaliy yordam ko‘rsatildi. 5 nafar murojaat esa tegishli organlarga yuborildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 120 nafar xotin-qizga tabriknoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.