07.03.2025. Joriy yil 6-mart kuni Termiz davlat pedagogika instituti boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada fakul’tetlar sex tashkilotlaridan saylangan 60 nafar delegatning 57 nafari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi R.M. Bedilov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati Kengashi raisi A.A. Axmedov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi M.M. Xuddiev, Respublika kengashining Surxondaryo viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi B.N. Xoliyarov ishtirok etdilar. Shu bilan birga, institut rektori A.B. Xasanov, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Termiz shahar bo‘linmasi raisi E.R. Tangirov, hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ham tadbirda qatnashdilar.
Konferensiya davomida 2023-2025 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, xodimlar uchun yaratilgan xavfsiz mehnat sharoitlari, o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari haqida hisobotlar tinglandi. Boshlang‘ich kasaba uyushmasi taftish komissiyasi raisining hisobot ma’ruzalari ham eshitildi.
Konferensiyada boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisini saylash jarayoni ham o‘tkazildi. Saylovlar ochiq ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Natijada, shu kungacha faoliyat yuritib kelgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi B.S. Safarov qayta saylandi.
Bu kabi tadbirlar kasaba uyushmalarining samarali faoliyat yuritishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlar kelgusida ham davom ettirilishi ta’kidlandi.
B. Xoliyarov
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashinin Surxondaryo viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi