[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

14.03.2025. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlar batafsil o‘rganilib, xodimlarning qonuniy haq-huquqlari tiklanmoqda.

Foydalanilmagan ta’til va kasallik varaqasi puli to‘lab berildi Toshkent viloyati Ohangaron tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimi A. Lemdan foydalanilmagan mehnat ta’tili va kasallik varaqasi uchun to‘lov amalga oshirilmaganligi haqida shikoyat kelib tushgan. Masala Federatsiya inspektori tomonidan o‘rganilib, xodimga jami 6 268 000 so‘m miqdoridagi to‘lovlar to‘lab berildi.

Ish joyida jarohat olgan xodimga moddiy yordam ko‘rsatildi Toshkent viloyatida fuqaro N. Rustamovaning turmush o‘rtog‘i Y. Rustamov “ZHONCTZAN CHEMICAL” MChJda ishlab, mehnat jarayonida tan jarohati olgan. Uning oilasi mehnat ta’tili va moddiy yordam ajratilishi bo‘yicha murojaat qilgan. O‘rganish natijasida xodimga davolanish, foydalanilmagan ta’til va boshqa xarajatlar uchun 44 000 000 so‘m miqdorida kompensasiya to‘lanishiga erishildi.

Ish haqi va hisob-kitob pullari tiklandi Fuqaro N. Yoqubov “AZIYA TASHKENT TEKSTIL” MChJda mexanik lavozimida ishlab, 2024 yilning 15 dekabrida ishdan bo‘shagan. Biroq ish beruvchi tomonidan uning ish haqi va hisob-kitob pullari to‘lanmagan. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi xodimlari aralashuvi natijasida ish beruvchi 2 179 800 so‘m miqdoridagi mablag‘ni to‘lab berdi.

Nohaq ishdan bo‘shatilgan haydovchi o‘z ish joyiga qayta tiklandi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani obodonlashtirish boshqarmasida haydovchi lavozimida ishlagan Z. Toshtemirov nohaq ishdan bo‘shatilgani haqida shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnat inspektorlari o‘rganish ishlarini olib borib, xodimning ishga qayta tiklanishiga erishdi.

To‘lanmagan ish haqi va ta’til puli qaytarildi Fuqaro N. Xudoyberdiev Bo‘ka tumanida joylashgan “Qarshi Stroy Sentr” MChJdan ish haqi va mehnat ta’tili uchun haq ololmagani yuzasidan kasaba uyushmasiga murojaat qildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 12 000 000 so‘m miqdoridagi to‘lovlar xodimga to‘liq to‘lab berildi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi xodimlarning huquqlarini himoya qilishni davom ettirmoqda va har bir murojaatning o‘z vaqtida hal etilishiga alohida e’tibor qaratmoqda.