14.03.2025. Farg‘ona viloyati soliq organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushma tashkilotining amaldagi jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi va 2025 yilga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, ish beruvchi nomidan Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodjon Rahimov va Farg‘ona viloyati soliq organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Baxtiyor Toshtemirovning hisobotlari hamda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyaning dalolatnomasi o‘qib eshittirildi.
Delegatlar bir ovozdan birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2024 yildagi faoliyatiga yuqori baho berdilar.
Shu kuni Farg‘ona viloyati soliq organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda kasaba uyushma qo‘mitasining o‘tgan 5 yildagi faoliyati sarhisob qilindi.
Qo‘mita raisi Baxtiyorjon Toshtemirov 2020-2025 yillar davomida jamoa shartnomasida belgilangan bandlarga ko‘ra, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini mustahkamlash, tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish, ko‘makka muhtoj xodimlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi masalalar kasaba uyushma va ma’muriyatning alohida e’tiborida bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Xususan, ishchi-xodimlar imtiyozli yo‘llanmalar orqali turli sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamladilar. Ish davomida namuna ko‘rsatgan xodimlar moddiy rag‘batlantirildi. Xodimlar o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida muntazam ravishda sport musobaqalari o‘tkazildi. Eng asosiysi, birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi ishdan ozod etilayotgan xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilgan holda, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan 3 nafar xodimning ishdan bo‘shatilishiga rozilik berilmadi.
Bir so‘z bilan aytganda, jamoa shartnomasining barcha bandlarining bajarilishiga erishildi. Qolaversa, ish beruvchi bilan hamkorlikda a’zolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlariga katta e’tibor qaratildi.
Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining olib borgan ishidan ko‘ngli to‘lgan delegatlar kasaba uyushma qo‘mitasining 5 yillik faoliyatini qoniqarli deb baholadilar. Shuningdek, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasining hisobotini ham bir ovozdan ma’qulladilar.
Shuningdek, kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga nomzodlar ko‘rsatildi. Ochiq ovoz berish yo‘li orqali kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga, kasaba uyushma yetakchisining olib borayotgan ishidan rozi bo‘lgan delegatlar Baxtiyor Toshtemirovni qaytadan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib saylashdi.
Konferensiyada Farg‘ona viloyati soliq organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibi, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi tarkibi, kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi raisi hamda Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi hisobot-saylov konferensiyasiga delegat saylandi.
Konferensiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Abdug‘affor Salixov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, bu yil kasaba uyushmalar harakatiga 120 yil to‘lishi, uning tarixi va bugungi kundagi o‘rni haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Rasuljon Rahimov va Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodjon Rahimov ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdilar.
Konferensiya yakunida bir guruh faollarga kasaba uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.