20.03.2025. Joriy yilning 20 mart kuni Olmazor tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi bo‘yicha mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi hamda hisobot-saylov yig‘ilishi o‘tkazildi.
Umumiy yig‘ilish (konferensiya)da muassasa bosh shifokori Aziz Karimbaevich, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Dilbar Umarova, 25 nafar delegat, 40 nafar mehnat jamoasi vakillari hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar Kengashi raisi Gulnoza Toshpulatova ishtirok etdilar.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Olmazor tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi bosh shifokori hamda shifoxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisining hisobotlari tinglandi. Ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish jamoa shartnomasida o‘z aksini topgan bo‘lib, undagi bandlarning ijrosiga jiddiy e’tibor qaratilgan.
2024 yil uchun jamoa shartnomalariga kiritilgan qo‘shimcha imtiyozlarning bajarilishi natijasida har bir xodimga jamoa shartnomasi bandlari va mehnat muhofazasi uchun o‘rtacha sarflangan mablag‘ 7 mln 633 ming so‘mni tashkil etdi.
Muassasadagi xodimlardan 452 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 312 ta murojaat qanoatlantirilgan, 140 ta murojaatga tushuntirish berilgan.
Yig‘ilishda ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisoboti ma’lumot uchun qabul qilindi. Mehnat jamoasi tomonidan jamoa shartnomasining bajarilishi qoniqarli deb baholandi.
Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha komissiya dalolatnomasi tasdiqlanib, jamoa shartnomasiga 2025 yil – “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” uchun qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Hisobot-saylov yig‘ilishida kasaba uyushma qo‘mitasining 2020-2025 yillardagi faoliyati yuzasidan hamda taftish komissiyasining hisobotlari tinglandi. Kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Tasdiqlangan Nizomga asosan Olmazor tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi yana 5 yil muddatga kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, a’zolari va taftish komissiyasi a’zolari yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.
Yig‘ilishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar Kengashi raisi Gulnoza Toshpulatova mamlakatimizda ilk kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Kasaba uyushmalari tarixi, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kasaba uyushmalarining bugungi kunda olib borayotgan ishlari, sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar hamda yangiliklar haqida ma’lumot berildi.