20.03.2025. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentiz tashabbuslari bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, buning uchun zarur tuzilmalarni shakllantirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda tarixiy yutuqlarga erishmoqdalar. Xususan, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va Islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bu kabi yutuqlar Davlatimiz rahbarining sport sohasiga va sportchilarga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborlari samarasidir.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish, bu orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash va mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z umumxalq bayrami keng nshonlanayotgan shukuhli kunlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Shaxmat maktabi”ning ochilishi bu borada galdagi muhim qadam bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonda shaxmatni yanada rivojlantirish, mehnatkashlar, shu jumladan yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommaviy harakatga aylantirish ishlariga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan mazkur “Shaxmat maktabi”ning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi, Federatsiya tasarrufidagi “Yakkasaroy sport sog‘lomlashtirish majmuasi” Mas’uliyati cheklangan jamiyati, Xalqaro Shaxmat Akademiyasi mutasaddilari, shaxmat sohasi ustalari, jamoatchilik vakillari va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Mamlakatimiz kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi oldidan amalga oshirilgan ushbu xayrli loyiha natijasida shaxmat ishqibozlari ushbu maktabda aql gimnastikasi sirlarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda sport sohasini, shu jumladan, sportning shaxmat turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarning shaxmat bo‘yicha iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida shaxmatchilarimiz jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, o‘zbek shaxmati salohiyatini butun dunyoga namoyon etmoqdalar. Xususan, 2024 yilda Xalqaro shaxmat Federatsiyasi reytingida O‘zbekiston jamoasi 203 ta davlat orasida 13-o‘rinni egalladi va mamlakatimizda xalqaro grossmeysterlar sonining 30 nafarga yetishiga erishildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan mazkur “Shaxmat maktabi” ham aholi, ayniqsa, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmat o‘yinini keng targ‘ib etish bilan birga, yigit-qizlar orasidan shaxmat o‘yiniga qiziquvchi yosh iqtidorlarni aniqlab, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, bu orqali ular orasidan kuchli shahmatchilar yetishib chiqishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, sportning shaxmat turi inson aqlini charxlaydi, tafakkurini rivojlantiradi, fikr doirasini kengaytirib, jismoniy faolligini oshirishda hamda mehnat samaradorligini kuchaytirishda salmoqli o‘rin tutadi. Shu ma’noda kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan mazkur “Shaxmat maktabi” mehnatkashlar va ularning farzandlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yurtimizda sportning shamat turi ommaviyligini oshirish bo‘yicha yana bir qator xayrli ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Xususan, mamlakatimiz hududlaridagi mehnat jamoalarida “Shaxmat klublari” tashkil etiladi, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha tuman-hudud-respublika bosqichlaridan iborat musobaqalarni o‘tkazish ko‘lami yanada kengaytiriladi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari