28.03.2025. 25-mart kuni Andijon davlat universiteti Xodimlar va talabalar kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan 2020-yil fevral’ oyidan 2025-yil fevral’ oyiga qadar amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda ta’lim muassasamizning mehnat jamoasidan 100 nafarga yaqin kasaba uyushmasi a’zosi ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyati Kengashining tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Hamidillo Matisaev olib bordi.
Yig‘ilishda Xodimlar va talabalar kasaba uyushmasi qo‘mitasining o‘tgan davrda erishgan yutuqlari, amalga oshirgan ishlari va faoliyatining batafsil tahlili, shuningdek, kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar hamda strategik maqsadlar bo‘yicha hisobot tinglandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar universitetda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlab, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mehnat sharoitlarini yaxshilash, huquq va manfaatlarni himoya qilish bilan birga, ish unumdorligini oshirishga ham xizmat qilayotganini qayd etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari Respublika Kengashining Andijon viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Zafarbek Abdullaev ishtirok etdi. U kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan kasaba uyushmalarining oldida turgan ustuvor vazifalar, xodimlar huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash borasidagi muhim masalalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kelgusi faoliyatni rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar va strategik yo‘nalishlar haqida so‘z yuritdi.
Kun tartibiga asosan, qo‘mita a’zolari, taftish komissiyasi a’zolari va uning raisi ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Kasaba uyushmasi raisi saylovi esa, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Nizomga asosan, muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi.
Saylov natijalariga ko‘ra, Andijon davlat universiteti Xodimlar va talabalar kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi sifatida Botirov Mirzabaxrom Abduqaxxorovich qayta saylandi.