[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

28.03.2025. Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashida “Yangi tuzilgan boshlang‘ich tashkilotlarda kasaba uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusida hududiy seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Seminarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov ochib berdi.

Shundan so‘ng Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas “Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida kasaba uyushmalari faoliyati: yutuqlar va muammolar” mavzuida ma’ruza qildi. Notiq o‘z so‘zida dunyo mamlakatlaridagi kasaba uyushmalari faoliyatiga to‘xtalib, O‘zbekistonda bu tashkilotning mavqei tobora oshib borayotganini e’tirof etdi.

O‘KUF mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmudjon Isaevning Jamoa shartnomalarini tuzish va bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalari yangi saylangan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari uchun juda foydali bo‘ldi. Shuningdek, Federatsiyaning Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Nodira G‘oyibnazarova mehnatni muhofaza qilish borasida kasaba uyushmalarining jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalalari qanchalik ahamiyatga ega ekanligini misollar bilan uqtirib o‘tdi. O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Inomjon Shakirov esa Sirdaryo viloyati paxta to‘qimachilik klasterlari boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. “Indorama agro” MChJ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Sherzod Aliboev bu ma’lumotlarni yanada boyitdi.

Qizg‘in munozaralar va savol-javoblarga boy bo‘lgan seminar ishtirokchilari mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar xususida tegishli ma’lumotga ega bo‘ldilar.

– Muqobillik asosida ilk bor kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga saylandim, – deydi “Hududgazta’minot” AJ “Hududgaz Sirdaryo” filiali kasaba  uyushma qo‘mitasi raisi Akmal Bobomirzaev. – Seminar biz uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. Juda ko‘p savollarimga javob oldim. Ishni qay yo‘sinda tashkil etish yo‘l-yo‘riqlari sodda tilda tushuntirib berildi. O‘z vaqtida mazmunli tashkil etilgan bunday seminarlar juda zarur.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati