07.04.2025. Joriy yilning 3 aprel’ kuni “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasi hamda «Qizilqumsement» AJ va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muhofaza etish yuzasidan 2023–2026 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi bo‘yicha konferensiyalar bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi vakili Boboyorov Mahmud Hamidovich, O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh yuriskonsul’ti Nishanova Lola Qodirovna, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Isoqov Normurod Isroilovich, tarmoq kasaba uyushmasi Navoiy viloyat kengashi raisi Yuldasheva Nargiza Ikromovna taklif etildi.
Konferensiya ishida 37 nafar delegat faol ishtirok etdi.
“Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatining amaldagi jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi yuzasidan tomonlarning hisobotlari tinglandi. Delegatlar tomonidan berilgan takliflar inobatga olinib, jamoa shartnomasiga qo‘shimchalar kiritildi. Berilgan savollarga kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Mamatov Ilhom Burievich va «Qizilqumsement» AJ boshqaruv va ijtimoiy masalalar bo‘yicha direktori Yunusov Shuhrat Zakirjonovichlar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
Mehnat qonunchiligi masalalari yuzasidan O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh yuriskonsul’ti Nishanova Lola Qodirovna konferensiya ishtirokchilariga to‘liq ma’lumot berdi.
Kun tartibidagi masalalar to‘liq ko‘rib chiqilib, jamoa shartnomasining bajarilishi bo‘yicha konferensiya o‘z ishini yakunladi va hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
“Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi ustaviga va “O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq ravishda tashkil etildi.
“Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2020 yil fevraldan 2025 yil fevralgacha bo‘lgan faoliyati yakunlariga baho berilib, kelgusida ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Saylov muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. Saylov natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik ovoz bilan “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib Mamatov Ilhom Burievich takroran saylandi.