07.04.2025. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuror o‘rinbosari D. Kasimov, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov rahbarligida hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Navoiy viloyatiga biriktirilgan vakil, viloyat shtabi rahbari M. Boboyorov ishtirokida “Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishining 1-sonli bayoni” ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov olib borgan yig‘ilishda barcha mas’ullar ishtirok etdi. Unda Navoiy viloyatiga biriktirilgan vakil, viloyat shtabi rahbari M. Boboyorov so‘zga chiqib, viloyatda xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida axborot berdi.
Qayd etish joizki, ushbu qarorga muvofiq, viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va uy-joy-kommunal sohalarida 54 626 nafar xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan ta’minlashga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan.
Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tegishli bo‘lim va boshqarmalar, viloyatdagi tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari, barcha tuman va shahar hokimlari hamda tijorat banklari rahbarlariga xotin-qizlar iqtisodiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar va ko‘rsatmalar berildi, ijrosi esa nazoratga olindi.
Shu bilan birga, Navoiy shahridagi “BARAKA NON NAVOIY” MChJda xotin-qizlarni bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Korxona tomonidan 150 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan bo‘lib, korxona rahbari joriy yilda yana 100 nafar xotin-qizni kasbga o‘qitish hamda yil yakuniga qadar 50 o‘rinli tikuv sexini ishga tushirish imkoniyatlari bilan tanishtirdi.
O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.