07.04.2025. Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filiali boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda filialda 7 ming 139 nafar ishchi-xodim aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatib kelmoqda. So‘nggi yillarda sohada katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilandi. Chaqiruv joyiga tezroq yetib borish uchun zamonaviy maxsus avtomashinalar xarid qilindi.
Shu o‘rinda kasaba uyushmalari ham ishchi-xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish yo‘lida zarur ishlar amalga oshirib kelmoqda.
Hisobot-saylov konferensiyasida Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filiali kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Feruzaxon Vahobova dastlab, kasaba uyushma tomonidan o‘tgan yilda va so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida qilingan ishlar yuzasidan delegatlarga hisobot berdi.
Ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini tiklash maqsadida 307 nafar ishchi-xodimga sihatgohlarga yo‘llanmalar ajratildi.
Kam ta’minlangan va yordamga muhtoj 610 nafar xodimga kasaba uyushmasi hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida 310 nafar ishchi-xodim farzandi maroqli dam oldi.
Xodimlar har doim ish beruvchi va kasaba uyushmaning e’tibor markazida bo‘ldi. Ayniqsa, yordamga muhtojlarga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Shu bilan birga, tizimda uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan faol xodimlar navbatma-navbat tarixiy shaharlarga sayohatga yuborildi. Xodimlar salomatligiga ham alohida e’tibor qaratilib, ular o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.
Xodimlar tomonidan yo‘llangan murojaatlar ham kasaba uyushma tomonidan ijobiy hal etildi. Umuman olganda, har bir amalga oshirilgan harakat xodimlarning ijtimoiy holatini yaxshilash va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Muzokaralar davomida so‘zga chiqqan delegatlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan ishchi-xodimlar manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ijobiy fikr bildirib, uyushma faoliyatiga yuqori baho berdilar. Shuningdek, delegatlar taftish komissiyasi hisobotini bir ovozdan qoniqarli, deb baholadilar.
Shundan so‘ng, Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filiali boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisligiga nomzodlar ko‘rsatildi. Yashirin ovoz berish orqali ushbu lavozimga Feruzaxon Vahobova qayta saylandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashining hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar va kasaba uyushma qo‘mitasi a’zolari ham saylandi.
Hisobot-saylov konferensiyasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliev, viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Abror Otaboev, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Tursunali Karimov va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Shohidaxon Karimova ishtirok etdilar.