09.04.2025. 2025 yil 4 aprel’ kuni “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sarhisob qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Sh.T. Kurbanov va raisning birinchi o‘rinbosari S.S. Tuxtaev ishtirok etdi. Shuningdek, jamiyat rahbariyati, Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi faollari, tizim tashkilotlaridan saylangan delegatlar hamda kasaba uyushmalari vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida joriy etilgan yangi saylov tizimi asosida tashkil etilgan mazkur anjuman mehnat jamoalari va uyushma vakillari o‘rtasida ochiq muloqot maydoniga aylandi. Qo‘mita raisi saylovi yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilib, kasaba uyushmalari tizimini demokratlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Ovoz berish natijasiga ko‘ra, amaldagi qo‘mita raisi Baxtiyor Boboxonov delegatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, “O‘ztransgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi.
Konferensiya yakunida kasaba uyushmasi oldiga quyidagi ustuvor vazifalar qo‘yildi:
xodimlar mehnat huquqlarining kafolatlarini ta’minlash;
ishlab chiqarish va maishiy xavf-xatarlarning oldini olish;
kadrlar malakasini oshirishga qaratilgan dasturlarda faol ishtirok etish;
xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishda kasaba uyushmasi rolini yanada kuchaytirish.