[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

09.04.2025. 7 aprel’ – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat Kengashi tomonidan “Salomatlik sari” yurish marafoni o‘tkazildi.

Marafonda korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh xodimlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar. Ma’lumot uchun shuni aytish kerakki, viloyatda 405 ming 694 nafar kasaba uyushma a’zolarini birlashtirgan 2540 ta boshlang‘ich tashkilot faoliyat olib boradi. Kasaba uyushma a’zolarining 151 ming nafarini yoshlar tashkil etadi.

Marafonning ochilish marosimida Kengash raisi Gulsara Qurbanbaeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda aholi salomatligini asrash, avvalo, sport va jismoniy harakatni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Aholining ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi uchun qulay va zarur sharoit yaratish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Sog‘lom turmush tarzining asosiy shartlaridan biri jismoniy faollikdir. Serharakatlik organizmni tabiiy ravishda rag‘batlantirib turadi. Shuning uchun serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli bo‘ladilar.

Tadqiqotlarga ko‘ra, har kuni 5000 qadam yurish sog‘lom turmush tarziga erishish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Bu jismoniy faollikning eng yuqori samarali shakli, chunki u odamni stresslardan ozod qiladi va mukammal ravishda yurak-qon aylanish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, yurish ishlashga va kundalik hayotni faol olib borishga ruhlantiradi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikka undash maqsadida muntazam ravishda sport musobaqalari, aksiyalar, xodimlar gimnastikasi o‘tkazib kelinmoqda. Boshlang‘ich kasaba uyushmalari xodimlar sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sport jihozlari bilan ta’minlangan.

Yurish marafoni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat Kengashi ijroiya qo‘mitasining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan Yangi O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni zararli odatlardan asrash maqsadida tashkil qilingan tadbirlardan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Baxtiyor Ismailov

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat Kengashi raisi maslahatchisi