10.04.2025. 2024 yilda Toshkent shahar Sergeli tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida ishlab kelayotgan o‘qituvchi D.Mirzaxmedova kasb kasalligiga chalingan. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK)ning ma’lumotnomasiga ko‘ra, unga 2024 yil 2 aprelda kasb kasalligi asosida uchinchi guruh nogironligi belgilangan va kasbiy mehnat layoqatini 40 foiz yo‘qotgani qayd etilgan. Ushbu holat 2025 yil 30 aprelgacha amal qiluvchi deb topilgan.
Shu munosabat bilan D.Mirzaxmedova O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga murojaat qilib, kasb kasalligi tufayli undirilishi kerak bo‘lgan to‘lovlar amalga oshirilmayotganini ma’lum qildi.
Murojaat O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. Tekshiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil apreldan 2025 yil yanvargacha birorta ham oylik to‘lov amalga oshirilmagan, yanvar oyidan esa noto‘g‘ri hisob-kitoblar qilingan. Shuningdek, bir martalik tovon puli ham belgilangan tartibda to‘lanmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan (321, 324 va 323-moddalar), xodimning sog‘lig‘iga kasb faoliyati tufayli yetkazilgan ziyon uchun ish beruvchi oylik va bir martalik tovon to‘lovlarini amalga oshirishi shart.
Kasaba uyushmasi mutaxassislari tomonidan ish beruvchiga rasmiy ko‘rsatma yuborildi, ammo belgilangan muddatda uni bajarish ta’minlanmadi. Shuningdek, xodim manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etildi.
2025 yil 25 mart kuni Sergeli tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishni ko‘rib chiqdi va quyidagi qarorni qabul qildi:
19 275 204 so‘m zararni qoplash to‘lovi
48 188 011 so‘m miqdorida bir martalik tovon puli
268 706 187 so‘m 13 tiyin kechiktirilgan to‘lovlar uchun kompensasiya
1 000 000 so‘m ma’naviy zarar uchun
37 500 so‘m pochta xarajatlari
Shu orqali D.Mirzaxmedovaga tegishli mablag‘lar undirib berilishi ta’minlandi.
D. Samarbekov
Respublika kengashining Mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi