[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

22.04.2025. Xorazm viloyati kasaba uyushmalari uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xotin-qizlar kengashi hamda Xorazm viloyat kengashining Xotin-qizlar komissiyasi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari: Ayol qadrini ulug‘lashda yangi imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati va ma’naviy -ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

Tadbirda xotin-qizlar komissiyasi a’zolari, hamkor tashkilotlar mutasaddilari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari yetakchilari bo‘lgan ayollar, deputatlar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining xotin-qizlar kengashi raisi Go‘zal To‘xtaeva, Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboeva, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimurotova, Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Gavhar Ibodullaeva va boshqalar o‘z so‘zlarida mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida alohida to‘xtaldilar.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va xotin-qizlar komissiyasi tashabbusi bilan ish joylarida ayollar uchun xavfsiz va salomatlikka zarar keltirmaydigan mehnat sharoitlarini yaratish, Gender tenglikni ta’minlash, jamoa shartnomalari orqali ishlovchi ayollarni alohida qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotganligi e’tirof etildi.

Bugungi kunda Xorazm viloyatida kasaba uyushmasi a’zolari soni 405 ming nafardan oshgan. Shundan 183 mingdan ziyodi xotin-qizlardir. Ushbu xotin-qizlarning 69 500 nafardan ziyodi agrosanoat, 64 mingga yaqini ta’lim va fan, 28 ming 500 dan ziyodi sog‘liqni saqlash, 7500 dan ziyodi davlat muassasalari, 3500 dan ziyodi madaniyat sohasida, 5000 dan ziyodi tadbirkorlik yo‘nalishda va 5000 dan ziyodi boshqa tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatadi.

Kasaba uyushmalari xizmatiga olingan korxona, tashkilot va muassasalarda Jamoa shartnomalari orqali opa-singillarimiz qator imtiyozlarga ega bo‘lmoqdalar. Jumladan, o‘tgan besh yilda 2 yoshdan 3 yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan 2100 dan ziyod yosh onalarga 560 million so‘mlikdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari uchun o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish harajatlarini qoplash uchun 15 mingdan ziyod oilaga ikki milliard so‘mdan ziyod moddiy ko‘mak berilgan.
Nodavlat mulk shaklidagi 1000 dan ziyod korxona va tashkilotda mehnat qilayotgan 1500 nafar bolali ayolga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqtini haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilanishi joriy etilgan.
Davra suhbatida 120 yillik tarixga ega kasaba uyushmalari bundan keyin ham zamonaviy jamiyatning ajralmas qismi sifatida ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning hayot sifatini yaxshilash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida muhim ishlarni amalga oshirishda davom etishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir doirasida bir guruh faol ayollar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xotin-qizlar kengashi Faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Muhabbat To‘raboeva